Ta’lim sifati va samaradorligi oshmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik tizimidagi tashkilotlar, oliy ta’lim muassasalari mas’ul xodimlari, jurnalistlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari B.Usmonov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida navqiron avlodni intellektual salohiyatli, zukko qilib tarbiyalash, ularga puxta bilim berish tizimini tubdan takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2011-yil 20-maydagi «Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, iste’molchilar talablarini hisobga olgan holda ta’lim xizmatlari sifatini oshirish, oliy ta’lim muassasalari faoliyatini modernizatsiya qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur qaror asosida ishlab chiqilgan dasturga muvofiq oliy o‘quv yurtlari binolari yangidan qurilmoqda yoki rekonstruksiya qilinib, zamonaviy jihozlanmoqda. Jumladan, joriy yilda investitsiya dasturiga kiritilgan 14 oliy ta’lim muassasasida 224,3 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. Kelasi yili dasturga muvofiq 13 ta’lim dargohining 52 obyektida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
O‘quv dargohlari faoliyatini zamonaviy darslik, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, ilmiy laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash ta’limni jahon andozalari darajasida tashkil etishda muhim ahamiyatga ega. Joriy yilda 18 oliy ta’lim muassasasi 26 nomdagi o‘quv-laboratoriya to‘plamlari, mebel va inventarlar, axborot-kommunikatsiya texnikalari va sport anjomlari bilan jihozlandi.
– Ta’lim sohasidagi islohotlar jarayonida iqtisodiyotning real sektori, mehnat bozoridagi talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda, – deydi vazirlikning oliy ta’lim muassasalari bosh boshqarmasi boshlig‘i Inomjon Majidov. – Har yili ijtimoiy-iqtisodiy sohalar uchun dolzarb bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha yangi ixtisosliklarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yil 6 oliy o‘quv yurtida 7 yangi ta’lim yo‘nalishi ochildi.
ZiyoNet axborot-ta’lim portalining fikr.uz va utube.uz saytlari sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ma’naviy yetuk shaxslar qilib shakllantirishga yo‘naltirilgan ma’naviy-ma’rifiy va o‘quv materiallari bilan boyitib borilmoqda.
Sohada xalqaro hamkorlik samarali yo‘lga qo‘yilgani, ta’lim mazmuni va sifati izchil boyib borayotgani yigit-qizlarning intellektual salohiyatini oshirib, ularning mamlakatimiz hayoti va taraqqiyotida faolligini kuchaytirmoqda.
Anjumanda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutasaddilaridan javob oldi.