Bola puli (bolalar nafaqasi) kimlarga, qancha muddatga va qanday tartibda beriladi?
Huquqiy munosabat
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam “davlat ta’minotidagi oila” va “kambag‘al oila” toifasidagi oilalarga ular mazkur toifadan chiqquniga qadar, “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifasidagi oilalarga ular mazkur toifaga o‘tkazilgan (kiritilgan) oydan keyingi olti oy muddat uchun tayinlanadi.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bolalar nafaqasi miqdorining belgilanish turlari xususida quyidagilarni ma’lum qildi.
Bola puli miqdorini belgilashda “davlat ta’minotidagi oila” yoki “kambag‘al oila” toifasidan chiqarilgan holda “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifasiga o‘tkazilgan oilaga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam qo‘shimcha ariza talab etmagan holda, oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1 baravaridan — 1,25 baravarigacha bo‘lganda qonunchilik hujjatlarida belgilangan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam miqdorining 75 foizi miqdorida beriladi.
1,25 baravaridan — 1,5 baravarigacha bo‘lganda qonunchilik hujjatlarida belgilangan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam miqdorining 50 foizi miqdorida tayinlanadi va to‘lanadi. Kichik yoki yagona bolasi o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan oilaga bolalar sonidan kelib chiqib bolalar nafaqasi tayinlanadi va eng kichik (yagona) bola o‘n sakkiz yoshga to‘lgan oyning oxirigacha to‘lanadi.
Bola (bolalar)siz yoki barcha bolalari 18 yoshdan katta bo‘lgan oilalarga va yakka-yolg‘iz fuqarolarga moddiy yordam tayinlanadi.
Bir oilaga ham bolalar nafaqasi, ham moddiy yordam bir vaqtning o‘zida to‘lanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ariza beruvchi bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlashni so‘rab vakolatli organga quyidagi shakllarda murojaat qiladi.
Jumladan, bevosita davlat xizmatlari markazi yoki vakolatli organga borgan holda yoki oila yashaydigan mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim orqali “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali mustaqil ravishda murojaat qiladi.
Bunda har bir oila tomonidan bolalar nafaqasi va moddiy yordam uchun murojaat qilish bir oyda bir marta amalga oshiriladi.
Asos: Ijtimoiy reyestrni yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA