Suvchilarga amaliy yordam ko‘rsatildi
Boyovut tumanida suv xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnat sharoitlarini yaxshilash hamda ish samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy yordam tadbiri tashkil etildi.
Unda 10 nafar suvchiga “Cargo tricycle” rusumli yuk tritsikllari, yana bir nafar xodimga esa uch g‘ildirakli yuk motorollyori hamda oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi. Ushbu ko‘mak ularning kundalik faoliyatini yengillashtirish, dalalar va irrigatsiya inshootlarida tezkor xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Tadbir doirasida Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Nurkamol Ataqulov Boyovut tumanida bo‘lib, suv xo‘jaligi tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuvda mamlakatimizda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda sohada mehnat qilayotgan xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, sohada “suv resurslaridan oqilona va tejamkor foydalanish”, “irrigatsiya tizimlarini raqamlashtirish”, “sug‘orish infratuzilmasini modernizatsiya qilish” kabi ustuvor vazifalar belgilab berilgan bo‘lib, bu borada amaliy ishlar izchil davom etmoqda.

Ta’kidlanishicha, suv resurslaridan samarali foydalanish qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishini ta’minlashda strategik ahamiyat kasb etadi. Shu sababli hududlarda zamonaviy irrigatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, suv taqsimotini shaffof va adolatli tashkil etish hamda suvchilarning fidokorona mehnatini munosib qadrlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.


– Suvchilarga ko‘rsatilayotgan bunday amaliy yordam ularning mehnat rag‘batini yanada oshiradi. Eng muhimi, bu boradagi ishlar izchil davom ettiriladi, – dedi uchrashuv yakunida Nurkamol Ataqulov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri