Ehtiyojmand xodimlarga amaliy ko‘mak ko‘rsatildi
Qurbon hayiti arafasida mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, mehr-oqibat va saxovat kabi ezgu qadriyatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, bu qutlug‘ kunlarda ehtiyojmand insonlar holidan xabar olish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish hamda jamiyatda o‘zaro hamjihatlik muhitini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilyapti.
Prezidentimizning “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. Mazkur hujjat ijrosi doirasida yurtimizning barcha hududlarida xayriya tadbirlari, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash aksiyalari va ehtiyojmand qatlamlarga ko‘mak dasturlari amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tarkibiy korxonalari hamda “Energosavdo” filiali bo‘limlarida ham xayrli tadbirlar tashkil etildi. Unda jamiyat tizimida faoliyat yuritayotgan, oilaviy va ijtimoiy sharoiti sabab qo‘shimcha e’tibor va amaliy ko‘makka muhtoj bo‘lgan xodimlarga moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
Tadbirlar davomida ehtiyojmand xodimlar holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari va zarur ehtiyojlar uchun amaliy yordamlar yetkazildi. Shu bilan birga, jamoa a’zolari bilan samimiy suhbatlar o‘tkazilib, ularning turmush sharoiti va muammolariga alohida e’tibor qaratildi.
Jamiyat axborot xizmati rahbari Faxriddin Nuraliyevning ta’kidlashicha, bunday tadbirlar nafaqat ijtimoiy yordam ko‘rsatish, balki inson qadrini ulug‘lash va xodimlar o‘rtasida o‘zaro ishonch muhitini kuchaytirishda ham muhim ahamiyatga ega.
– Biz uchun har bir xodim va uning oilasi alohida e’tiborda. Ayniqsa, bayram arafasida ehtiyojmand insonlarga ko‘mak berish xalqimizga xos oliyjanob fazilatlarning amaliy ifodasidir. Bu kabi xayrli ishlar jamiyatimizda inson qadri ustuvor ekanini yana bir bor namoyon etadi, – dedi u
E’tiborlisi, tashkilot tomonidan inson manfaatlarini ta’minlash, xodimlarning ijtimoiy sharoitini yaxshilash, ularga mehr va e’tibor ko‘rsatishga qaratilgan bunday xayrli ishlar muntazam davom ettirilmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA