Suv xo‘jaligi sohasida ilm va amaliyot uyg‘unligi
Qiziltepa tumanida Suv xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari hamda Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti Buxoro mintaqaviy markazi ilmiy xodimlari ishtirokida amaliy seminar o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, suv – qishloq xo‘jaligi uchun hosil va rizq-ro‘zning asosiy manbalaridan biri. Ayniqsa, suv tanqisligi tobora sezilayotgan bugungi sharoitda mavjud suv zaxiralaridan oqilona foydalanish, uni adolatli taqsimlash va har bir tomchisini tejab ishlatish muhim vazifaga aylanmoqda. Bu borada sohada ilm-fan yutuqlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Seminarda kanal boshliqlari, gidrometrlar, gidrotexniklar va sohaning mas’ul xodimlari ishtirok etib, irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlaridan samarali foydalanish, suv resurslarini boshqarish va iste’molchilar o‘rtasida adolatli taqsimlash masalalari muhokama qilindi.
– Suvni tejash faqat zamonaviy texnologiya o‘rnatish bilan cheklanmaydi, – deydi Qiziltepa tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori Adham Fattoyev. – Avvalo, kanal va ariqlarning holati yaxshi bo‘lishi, suv yo‘qotishlarining oldi olinishi, har bir hududga qancha suv kerakligi aniq hisob-kitob qilinishi lozim. Shu jihatdan kuzgi-qishki mavsumda irrigatsiya tarmoqlarini tozalash va ta’mirlash ishlarini sifatli tashkil etish kelgusi mavsum uchun muhim tayyorgarlikdir. Shu bois tadbirlarni belgilangan muddatda va sifatli bajarish uchun aniq reja-grafiklar ishlab chiqilib, mas’ullarga vazifalar belgilab berilgan.
Qiziltepa tumanida ham bu borada muayyan ishlar boshlab yuborilgan. Kuzgi-qishki tadbirlar doirasida 46 kilometr xo‘jaliklararo kanalni tozalash rejalashtirilgan bo‘lib, hozirga qadar uning 8 kilometrida ishlar bajarildi. Fermer va klasterlar balansidagi ichki ariqlarning umumiy uzunligi esa 741 kilometrni tashkil etadi. Belgilangan vazifalar doirasida hozirgacha 35 kilometr ichki ariq tozalandi.
Seminarda 2026-2027-yillardagi kuzgi-qishki irrigatsiya tadbirlarini samarali tashkil etish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Mutaxassislar tomonidan kanal va ariqlarni tozalash, suv inshootlaridan samarali foydalanish, suvni hisobga olish hamda taqsimlash jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy va amaliy tavsiyalar berildi. Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyanoma va uslubiy ko‘rsatmalar soha xodimlariga yetkazildi.
Seminarda suv xo‘jaligining barcha yo‘nalishlari atroflicha tahlil qilinib, yil yakuniga qadar belgilangan indikator ko‘rsatkichlarga erishish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri