O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga qarashli “Suv sporti saroyi”da o‘tayotgan sinxron suzish bo‘yicha “Suv parisi” xalqaro turniri va I Markaziy Osiyo ochiq chempionatining ikkinchi kunida ham sportchilar o‘z mahoratlarini namoyish etib, suzish sportining jozibali elementlarini bajarib kelganlarda katta taassurot qoldirishdi. Ularning har bir chiqishlari xalqaro darajadagi hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.
Musobaqaning ilk kunida majburiy dastur yo‘nalishining U12 yosh toifasida Anastasiya Gaydina (Rossiya), Darya Berezneva (BAA) va Alisa Markovina (O‘zbekiston) shohsupaga ko‘tarilishgan bo‘lsa, U15 yoshdagilar orasida Prinsessa-Anastasiya Mixaylova (Rossiya), Darya Kochneva (O‘zbekiston) hamda Velika Stoinkova (Bolgariya) kuchli uchlikdan joy olishdi.
- Musobaqaning birinchi kunida qozog‘istonlik sportchilar yaxshi natijalarni qo‘lga kiritishdi, - deydi Qozog‘iston terma jamoasi bosh murabbiyi Aynur Kirey. - Oltin va kumush medallariga sazovor bo‘ldik. Yaratilgan sharoitlardan mamnunmiz. Barchasi yuqori darajada tashkil qilingan. Bugun ham medallar uchun kurash olib boryapmiz. Ushbu sport turi murakkabligi, go‘zalligi, jozibasi bilan ajralib turadi. Chunki, uning tarkibida xoreografiya, suzish va jismoniy tayyorgarlik, akrobatika, gimnastika elementlari mavjud. Lekin eng kam jarohat oladigan, inson tanasiga juda foydali sport turlariga ham kiradi. Ayniqsa suv insonga ijobiy ta’sir qiladi. Bu xuddi figurali uchishga o‘xshaydi, faqat suvdagi.
Sportchilarning har bir chiqishlari, bajarilgan mashqlarining murakkabligi, aniqligi, o‘zini erkin tutishi kabi jihatlarga qarab baholab boriladi. O‘zbekiston jamoasi ham musobaqalarda yuksak mahorat namoyish etishdi va men I Markaziy Osiyo sinxron suzish musobaqalari aynan yurtingizda o‘tayotgani bilan tabriklayman. Bu yerga barcha mamlakatlar eng sara sportchilarini yuborishgan. Ularning barchasida jismoniy tayyorgarlik yuqori darajada, faqat bu musobaqada ruhiy tayyorgarligi kuchli jamoalar g‘olib bo‘ladi.
Texnikaviy solo yo‘nalishida Valeriya Plexanova (Rossiya) birinchi, Sabina Mahmudova (O‘zbekiston) ikkinchi, Anastasiya Golovkova (Belarus) uchinchi pog‘onadan joy oldi.
Kombo U15 bahslarida Rossiya terma jamoasi g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, O‘zbekiston va Belarus termalari 2-3 o‘rinda qayd etildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/9EpK_bV4U7E" title="“Suv parisi” xalqaroturniri g‘oliblari aniqlanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>16 may kuni U12, U15 va katta yoshlilar o‘rtasida erkin solo, texnik duet, texnik miks, erkin guruh yo‘nalishlari bo‘yicha keskin kurash davom etmoqda. G‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportchilar bugunning o‘zida taqdirlanishadi.
Bu borada O‘zbekiston jamoasining imkoniyatlari yuqori baholanmoqda.
Tadbirning yuksak darajada tashkil etilishi tufayli barchaning kayfiyati a’lo darajada. Zero, bunday musobaqalarda g‘oliblik sportchilarga xalqaro arenalarga keng yo‘l ochib beradi.
Sanjar Toshpo‘latov, Javohir Toshxo‘jayev, Nishonboy Abduvoyitov,
Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA