“Suv parisi – 2026” xalqaro musobaqasi boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-noyabrdagi “Suv sporti turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda joriy yil aprel oyida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, "Uzbekistan aquatics" federatsiyasi va Sport vazirligi hamkorligida sinxron suzish bo‘yicha “Suv parisi – 2026” ochiq xalqaro turniri tashkil etildi.
Nufuzli musobaqaning tantanali ochilish marosimi “Olimpiya shaharchasi”dagi Suv sporti turlari saroyida yuqori saviyada tashkil etildi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, “World Aquatics” byurosi a’zosi Shahnoza Mirziyoyeva, Kasaba uyushmalari hamda “Uzbekistan Aquatics” federatsiyalari raisi Qudratilla Rafiqov, sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov ishtirok etdi.
Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari hamda “Uzbekistan Aquatics” federatsiyalari raisi Qudratilla Rafiqov va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda sport sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, ayniqsa, suv sporti turlarini rivojlantirish borasidagi keng qamrovli ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, seleksiya tizimini takomillashtirish, murabbiylar malakasini oshirish, zamonaviy inshootlar qurish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash kabi yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuqori baholanayotgani ta’kidlandi.
Poytaxtimizda ikkinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu musobaqada O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston va Belarus davlatlaridan jami 180 nafarga yaqin sportchi turli yosh toifalarida g‘oliblik uchun bellashmoqda. Dasturga ko‘ra, texnik va erkin dasturlar, duet va guruh chiqishlari bo‘yicha kuchlilar saralanadi.
[gallery-29004]
Xalqaro musobaqa nafaqat yurtimizda, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida sinxron suzishni ommalashtirish, sportchilar o‘rtasida tajriba almashish va yangi iqtidorlarni kashf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA