Suv omborlari bo‘yida turizm: investitsiya, infratuzilma va xavfsizlik
Suv omborlari atrofida turizm va servis infratuzilmasini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Biroq, bunday hududlardan samarali foydalanish yer uchastkalarini rejali o‘zlashtirish, investitsiyalarni jalb qilish, tabiatni muhofaza etish va tashrif buyuruvchilar xavfsizligini ta’minlashni talab qiladi.
Prezidentimizning 2026-yil 27-oktabrdagi "Suv omborlari va ularga tutash hududlardan foydalanishni tartibga solish hamda xavfsizlikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ushbu vazifalarni kompleks hal etish mexanizmlari belgilangan.
Hujjatga muvofiq, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari ikki oy muddatda turistik salohiyatga ega suv omborlari va ularga tutash hududlar bo‘yicha bosh rejalarga doir takliflarni Turizm qo‘mitasiga kiritadi. Bunda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh yerlardan foydalanish, hududning geografik va muhandislik-geologik xususiyatlari, transport-kommunikatsiya imkoniyatlari, ekologik va xavfsizlik talablari hisobga olinadi.
Yer uchastkalari elektron onlayn-auksion orqali sotiladi. Hududlarning tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va yo‘l-transport infratuzilmasini qurish yoki rekonstruksiya qilish auksiondan tushgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi. Bu jarayonda hokimliklar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Suv xo‘jaligi vazirligi va "O‘zbekgidroenergo" AJ bilan hamkorlik qiladi. Hukumat bir oy ichida suv omborlari bo‘yida turistik xizmatlar ko‘rsatish tartibini tasdiqlaydi, mas’ul vazirlik va idoralar esa uch oyda tegishli shaharsozlik normalarini xavfsizlik talablari asosida yangilaydi.
Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qaror asosida elektron onlayn-auksion orqali yer olgan va suv omborlari yaqinida turistik xizmat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarga 2029-yil 1-oktabrga qadar yer va mol-mulk solig‘i stavkalarining 50 foizi qo‘llanadi. Suvda foydalanishga mo‘ljallangan GPS uskunalari, qutqaruv va xavfsizlik jihozlari hamda zamonaviy sanitariya-gigiyena inshootlarini import qilishda bojxona to‘lovlarini 120 kungacha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi. Ushbu imtiyozlar faqat qaror doirasida elektron onlayn-auksion orqali yer olgan tadbirkorlarga tatbiq etiladi.
Turizmni rivojlantirish bilan birga, suv omborlarida xavfsizlik tizimini kuchaytirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Hududlarda qutqaruv qayiqlari, kuzatuv minoralari, chuqurlik belgilari, ob-havodan ogohlantirish vositalari va videokuzatuv tizimlari tashkil etiladi. Sun’iy intellekt yordamida cho‘kish xavfi, taqiqlangan hududlarga kirish va odamlarning ommaviy to‘planishi aniqlanib, qutqaruv xizmatlariga tezkor xabar yuboriladi. Qutqaruvchilarning navbatchiligi yo‘lga qo‘yiladi yoki bu vazifa professional xizmatlarga shartnoma asosida yuklatiladi.
Shuningdek, suvda kichik kemalardan xavfsiz foydalanish, suvni muhofaza qilish va qirg‘oqbo‘yi zonalari talablariga rioya etish, oqova suvlarning suv havzalariga tushishining oldini olish va maishiy chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish choralari belgilangan. Turistik ob’ektlarda sel, suv toshqini, to‘g‘on avariyasi, ko‘chki va yong‘in kabi xavflar bo‘yicha uch oy ichida tahlil o‘tkazilib, xavfsizlik pasportlari ishlab chiqiladi. Sirenalar, ovozli ogohlantirish vositalari, QR-kodli evakuatsiya xaritalari va SMS-xabarnomalar bosqichma-bosqich joriy etiladi.
2027-yil 1-iyunga qadar suv sathi va gidrologik holatni onlayn kuzatish, favqulodda vaziyatlarni erta aniqlash, meteorologiya stansiyalari hamda geoaxborot tizimlari ma’lumotlarini birlashtirishga xizmat qiluvchi elektron axborot tizimi ishga tushiriladi. Suv sifati monitoringi ham kuchaytirilib, tegishli ma’lumotlar avtomatlashtirilgan elektron tizimga kiritiladi.
Qarorda qutqaruv xizmatlarining salohiyatini oshirish choralari ham nazarda tutilgan. Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi Karkidon suv omborida qutqaruv markazi tashkil etilgan. 2027-yil 1-yanvardan bu yerda Favqulodda vaziyatlar vazirligining maxsus qutqaruv bo‘linmasi uchun davlat byudjeti hisobidan 36 ta qo‘shimcha shtat birligi - 6 nafar ofitser va 30 nafar oddiy askar hamda serjant lavozimi joriy etiladi. Akademiya huzuridagi Qutqaruv ishlari bo‘yicha texnik maktabda g‘avvos-qutqaruvchilar dual ta’lim asosida tayyorlanadi. Turistik ob’ektlar xodimlari va ko‘ngillilar favqulodda vaziyatlarda harakat qilish hamda birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘qitiladi.
Turistik hududlarni mahalliy va xorijiy axborot vositalari hamda raqamli platformalarda targ‘ib qilish, xorijiy turoperatorlar va investorlar uchun taqdimotlar tashkil etish orqali investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish ham rejalashtirilgan. Bosh rejalarni ishlab chiqish, xavfsizlik infratuzilmasini yaratish va monitoring tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha vazifalar maxsus yo‘l xaritasi asosida amalga oshiriladi.
Qarorning ahamiyati turizmni rivojlantirish uchun yer va soliq imtiyozlarini berish bilangina cheklanmaydi. U yangi ob’ektlarni zarur infratuzilma, ekologik talablar va xavfsizlik choralari bilan birgalikda tashkil etishni nazarda tutadi. Shu bois natijadorlik turistik xizmatlar ko‘lami bilan birga, suv havzalarining muhofazasi, xavflarning oldini olish va sayyohlar xavfsizligini ta’minlash darajasi bilan ham belgilanadi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA