Surxondaryoda sun’iy yomg‘ir va qor yog‘dirilishi mumkin
Surxondaryo viloyatidagi To‘palang daryosi havzasining yuqori qismida sun’iy yomg‘ir yog‘dirish va sun’iy muzliklar yaratish bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 31-martdagi “Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida shamol eroziyasining salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida vohada suvni tejash va “yashil belbog‘”larni rivojlantirish uchun mazkur loyihani amalga oshirish belgilangan.
Mutaxassislarning aytishicha, sayyoramizda iqlim o‘zgarishi ta’sirida yuz beradigan qurg‘oqchilikni yumshatishda sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasi ekinlarni sug‘orish uchun zarur bo‘lgan namlik va hosildorlikni saqlashga, daraxt ko‘chatlarining barqaror unuvchanligini ta’minlashga ko‘maklashadi. Sun’iy yomg‘ir va sun’iy muzlik paydo qilish qurg‘oqchilikka qarshi kurashib, suv tanqisligini yumshatish va qishloq xo‘jaligini yetarli suv bilan ta’minlashga, suv zaxiralarini ko‘paytirib, iqlim o‘zgarishi ta’sirini kamaytirishda muhim urin tutadi. Yaratilgan sun’iy muzlik tog‘larning me’yoridan ortiq isishi sababli erib borayotgan tabiiy muzliklarni sun’iy yo‘l bilan to‘ldirib, muz qatlamini saqlab qolishga imkoniyat yaratadi. Yoz faslida erib, daryo va soylarni obi-hayot bilan ta’minlaydigan suv ombori vazifasini o‘taydi.

Vohadagi baland tog‘lar qo‘ynida sun’iy yomg‘ir yog‘dirib, sun’iy muzliklar yaratadigan zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilishi viloyatning chang to‘zonlari ko‘tariladigan hududlarida shamol eroziyasining salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan “yashil belbog‘lar”da ham ko‘chatlarning bir tekis undirib olinishi va ekologik barqarorlik ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri