Surxondaryo – Afg‘oniston hamkorligi rivojlanmoqda
“Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida Surxondaryo – Afg‘oniston tadbirkorlarining biznes forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Forum doirasida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Afg‘oniston Savdo va investitsiyalar palatasi raisi o‘rinbosari Xaji Moxd Alem Arian Azimi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.

Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, yangi hamkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirish va o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan tadbirda so‘nggi yillarda Surxondaryo viloyati bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Jumladan, 2024-yil o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 48 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yil bu ko‘rsatkich 239 million dollarga yetib, qariyb 5 baravar o‘sgani qayd etildi. Shu davrda eksport hajmi 133 million dollarni tashkil etib, 4 baravarga, import 107 million dollarga yetib, 22 baravar oshdi.
Viloyat qulay geografik joylashuvi, Afg‘oniston bilan chegaradoshligi, rivojlangan transport infratuzilmasi va “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi bilan o‘zaro savdoni rivojlantirishga qulay imkoniyat yaratadi. Viloyatda qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari, kimyo va farmatsevtika, yengil sanoat hamda logistika sohalarida yirik ishlab chiqarish salohiyati mavjud.

Tahlillarga ko‘ra, ayni paytda Afg‘oniston bozorida benzin va dizel mahsulotlari, sement va qurilish materiallari, bug‘doy uni va don mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, tekstil va trikotaj, plastik va polimer, elektr kabellari va texnik jihozlarga katta ehtiyoj bor. Bu turdagi mahsulotlarning asosiy qismi O‘zbekistonda ishlab chiqariladi. Qo‘shni davlatdan Surxondaryoga quruq mevalar va yong‘oq, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va urug‘liklar, gilamchilik va an’anaviy hunarmandchilik, ayrim turdagi yengil sanoat mahsulotlarini import qilib, o‘zaro tovar ayirboshlashni diversifikatsiya qilish va qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish mumkin.
Biznes forumda qo‘shni mamlakatdan qurilish, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, gilamchilik, plastik mahsulotlar ishlab chiqarish, transport-logistika kabi sohalarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlar ishtirok etmoqda.

Viloyat rahbari uchrashuvda afg‘on tadbirkorlari bilan qator ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Xususan, qurilish materiallari ishlab chiqarish va sohaning infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, farmatsevtika tarmog‘ida dori-darmon ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va ularni eksportga yo‘naltirish masalalari ilgari surildi. Shuningdek, polietilen va plastik mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, un va oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlash bo‘yicha kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish, quruq mevalarni qayta ishlash hamda samarali logistika zanjirini shakllantirish yo‘nalishlarida ham hamkorlik qilish taklif etildi.

Joriy yil viloyat bir milliard dollar qiymatidagi mahsulot, xizmatni eksport qilishni mo‘ljallamoqda. Bu rejaning yarmini Afg‘oniston bilan amalga oshirish uchun qulay sharoit bor.
Biznes forumda yangi g‘oya va loyihalar bo‘y ko‘rsatib, yangi kelishuvlarga erishilmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar mustahkam iqtisodiy sheriklikka puxta zamin yaratib, yon qo‘shni mamlakat tadbirkorlari bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Surxondaryo va Afg‘oniston tadbirkorlarini yana ana shunday ezgu maqsad yo‘lida birlashtirgan forumda tomonlar istiqbolli qator yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik shartnomasi imzoladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri