Superligada 20-tur ortda qoldi: barcha natijalar va turnir jadvalidagi holat
5-sentyabr kuni o‘tkazilgan so‘nggi uchta bahsdan so‘ng tur natijalari to‘liq shakllandi.
O‘zbekiston Superligasida 20-tur uchrashuvlari to‘liq yakuniga yetdi. 5-sentyabr kuni o‘tkazilgan so‘nggi uchta bahsdan so‘ng tur natijalari to‘liq shakllandi.
O‘z maydonida "Mash’al"ni qabul qilgan "So‘g‘diyona" 5:2 hisobida yirik g‘alabani qo‘lga kiritdi. "Qo‘qon-1912" va "Dinamo" o‘rtasidagi bellashuvda esa g‘olib aniqlanmadi — 1:1. Kechroq o‘tkazilgan bahsda "Qizilqum" o‘z uyida "Buxoro"dan 3:2 hisobida ustun keldi.
Umuman olganda, 20-turning sakkizta o‘yinida darvozalarga 26 ta gol urildi. Turning eng sermahsul va kutilmagan bahsi Qarshida kechdi: "Nasaf" musobaqa peshqadami "Neftchi"ni 6:2 hisobida tor-mor etdi. "Paxtakor" esa o‘z maydonida "Andijon" ustidan 3:0 hisobida ishonchli zafar quchdi.
20-tur o‘yinlari natijalari:
OKMK — "Xorazm" 1:0
"Bunyodkor" — "Surxon" 0:1
"Navbahor" — "Lokomotiv" 1:1
"Nasaf" — "Neftchi" 6:2
"Paxtakor" — "Andijon" 3:0
"So‘g‘diyona" — "Mash’al" 5:2
"Qo‘qon-1912" — "Dinamo" 1:1
"Qizilqum" — "Buxoro" 3:2
Turnir jadvalida mag‘lubiyatga qaramay "Neftchi" 45 ochko bilan peshqadamlikni saqlab qolgan bo‘lsa, "Paxtakor" 43 ochko bilan ikkinchi, "Navbahor" 38 ochko bilan uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Yirik g‘alabadan so‘ng "So‘g‘diyona" (27 ochko) 10-pog‘onaga, "Qizilqum" (26 ochko) esa 11-pog‘onaga ko‘tarildi. Turning so‘nggi pog‘onasida esa 4 ochkoga ega "Mash’al" bormoqda.
