Superligada 20-tur yakunlanadi: bugun uchta muhim uchrashuv
20-turning so‘nggi kunida e’tibor nafaqat yuqori o‘rinlar uchun kurashga, balki jadvalning quyi qismidagi vaziyatga ham qaratiladi.
Bugun, 5-sentabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 20-turiga yakun yasaladi. Turning so‘nggi kunida «So‘g‘diyona» — «Mash’al», «Qo‘qon-1912» — «Dinamo» hamda «Qizilqum» — «Buxoro» uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.
18:00 — «So‘g‘diyona» — «Mash’al»
Jizzaxda «So‘g‘diyona» autsayder «Mash’al»ni qabul qiladi. Mezbonlar 19 turdan so‘ng 24 ochko jamg‘argan bo‘lsa, “gazchilar” atigi 4 ochko bilan turnir jadvalining so‘nggi pog‘onasida qolmoqda. «So‘g‘diyona» uchun bugungi bahs yuqoriroq o‘rinlarga ko‘tarilish imkoniyati bo‘lsa, «Mash’al» og‘ir vaziyatdan chiqish uchun ochkolarga juda muhtoj.
18:00 — «Qo‘qon-1912» — «Dinamo»
Qo‘qondagi uchrashuv ham katta ahamiyatga ega. «Qo‘qon-1912» 19 ochko bilan quyi pog‘onalarda bormoqda. Samarqandning «Dinamo»si esa 26 ochko jamg‘argan. “Dinamo” g‘alaba qozonsa, turnir jadvalining yuqoriroq qismiga yaqinlashishi mumkin, mezbonlar uchun esa har bir ochko quyi o‘rinlardan uzoqlashish nuqtayi nazaridan qadrli.
20:15 — «Qizilqum» — «Buxoro»
Kunning so‘nggi bahsida «Qizilqum» «Buxoro»ni qabul qiladi. 19 turdan keyin buxoroliklar 34 ochko bilan yuqori o‘rinlar uchun kurash olib borayotgan bo‘lsa, «Qizilqum» hisobida 23 ochko bor. Shu sabab “Buxoro” uchun g‘alaba yetakchilar guruhiga bosimni davom ettirish, «Qizilqum» uchun esa turnir jadvalidagi holatini yaxshilash imkonini beradi.
Shunday qilib, 20-turning so‘nggi kunida e’tibor nafaqat yuqori o‘rinlar uchun kurashga, balki jadvalning quyi qismidagi vaziyatga ham qaratiladi.