Sun’iy intellekt ishlab chiqarish va mehnat bozoriga qanday o‘zgarishlar olib keladi?
Bugungi kunda jadallik bilan rivojlanib borayotgan sun’iy intellekt imkoniyatlaridan ishlab chiqarish tarmoqlari va korxonalarda ham foydalanish choralarini ko‘rish dolzarb ahamiyatga ega. Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan tegishli topshiriqlar berilib, soha va tarmoqlarda, sanoat korxonalarida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni keng joriy etish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
“Barqaror rivojlanish markazi” bosh mutaxassisi Alisher Azizov sun’iy intellektning ishlab chiqarish jarayonlari va mehnat bozoriga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Bugun sun’iy intellekt shunchaki zamonaviy texnologiya emas, balki iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshiradigan, ish jarayonlarini yengillashtiradigan va yangi kasblarga yo‘l ochadigan amaliy vositaga aylanmoqda. Ma’lumotlarni tez tahlil qilish, sarflarni kamaytirish, mahsulot sifatini nazorat qilish hamda bozor talabini oldindan baholash korxona samaradorligiga bevosita ta’sir qilmoqda. Shu bois, sun’iy intellektni korxonalarning kundalik ish jarayoniga olib kirish masalasi kun tartibiga chiqmoqda.
2026-yil 18-avgust kuni Xivada o‘tkazilgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda Prezident Shavkat Mirziyoyev «10 ming korxona uchun — sun’iy intellekt hamkor» dasturi boshlanishini ma’lum qildi. Bu raqam ortida 10 mingta korxonaning texnologik yangilanishi, minglab amaliy vazifa va buyurtmalar turibdi. Korxona ma’lumotlarini tartibga solish, dasturni ish jarayoniga moslashtirish, uskunalarga ulash va xodimlarni o‘qitish dasturchi, tizim muhandisi hamda texnik mutaxassislar mehnatini talab qiladi. Bunday ko‘lam mahalliy ishlab chiqaruvchilar va yosh mutaxassislar uchun yangi ish maydonini, hududlar uchun esa qo‘shimcha bandlik manbaini shakllantirishi mumkin.
Sun’iy intellekt korxonalarga kirib kelgan sari mehnatning mazmuni ham o‘zgaradi. Bir xil tartibda bajariladigan vazifalar avtomatlashadi, ishlab chiqarish operatori avtomatlashgan boshqaruv paneli bilan ishlashni, texnolog mahsulot sifatiga oid ma’lumotlarni tahlil qilishni, ta’minot mutaxassisi esa talabni oldindan baholaydigan dasturdan foydalanishni o‘rganadi. Bu o‘zgarish yangi raqamli kasblarni yuzaga keltirish bilan birga, amaldagi kasb egalarining malakasini oshirishga ham turtki beradi.
Jarayonning shu jihati Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Barqaror rivojlanish maqsadlaridan 8-maqsad — munosib mehnat va iqtisodiy o‘sish bilan bevosita bog‘liq. Chunki zamonaviy iqtisodiyotda ish o‘rinlarining soni bilan birga, ularning sifati, mehnat unumdorligi va xodimlarning kasbiy salohiyati ham katta ahamiyatga ega.
Korxona uchun eng sezilarli yengillik — sun’iy intellektni joriy etish xarajatining yarmi qoplanishidir. Raqamli hukumat markazida birinchi superkompyuter klasteri ishga tushirilgan bo‘lib, kelgusi yilda uning quvvatini uch karra oshirish rejalashtirilgan. Yangi mahsulot uchun sun’iy intellekt modelini yaratayotgan korxonalar mazkur klasterdan bepul foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Korxonalarning yangi mahsulot yaratish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga doir ilmiy-tadqiqot xarajatlari ham byudjetdan qoplanadi. Tayyor dasturlar barcha tadbirkorlar foydalanishi mumkin bo‘lgan ochiq platformaga joylashtiriladi, dasturning dastlabki bosqichiga esa 100 million dollar ajratiladi. Ochiq platformadagi yechimlarni muayyan korxonaga moslashtirish, uskunalarga ulash va keyingi texnik xizmat mahalliy dasturchilar, tizim muhandislari hamda avtomatlashtirish mutaxassislari uchun muntazam buyurtmalar paydo qilishi mumkin.

Raqamlar bu jarayonning mehnat bozoriga ta’sirini yaqqol ko‘rsatadi. Prezident nutqida qayd etilganidek, zamonaviy boshqaruv va sun’iy intellekt yondashuvlarini qo‘llagan tadbirkorlarning 54 foizida mahsulotga talab keskin oshgan, 25 foizida tannarx sezilarli kamaygan. E’tiborlisi, korxonalarning 40 foizida daromad ko‘payishi ortidan ishchilar oyligi 10 foizdan ziyod oshgan. Ya’ni, texnologiyadan olinayotgan samara korxona ko‘rsatkichlaridagina emas, xodimlarning daromadida ham aks etmoqda.
Texnologiya qanchalik ilg‘or bo‘lmasin, uni ishga tushiradigan va natijaga aylantiradigan kuch malakali kadrlardir. Urganch shahridagi Kasbiy mahorat texnikumi va Kasblar shaharchasida maktab o‘quvchilari iqtidoriga qarab, Germaniya va Xitoy tajribasi asosida talab yuqori bo‘lgan 10 turdagi kasbga yo‘naltirilmoqda. Endi ushbu tajribani barcha hududlarga yoyib, 1 million nafar yoshni zamonaviy kasblar bilan qamrab olish va mamlakatning o‘zida yuqori daromadli ishlarga joylashtirish maqsadi belgilandi.
Raqamli yechimning amaliy qiymati u korxona sexida ishlay boshlaganida ko‘rinadi. Prezident nutqida to‘qimachilikda avtomatlashgan boshqaruv tizimlarini joriy etish xarajatining yarmi qoplanayotgani, endi bu tartib elektrotexnika, qurilish materiallari va oziq-ovqat sanoati korxonalariga ham tatbiq etilishi aytildi. Bunday tizimni ishlab chiqarish jarayoniga ulashda dasturchi bilan birga muhandis, texnolog, uskuna sozlovchi va texnik xizmat mutaxassisi ham ishtirok etadi. Shu tariqa raqamli kasblar doirasi axborot texnologiyalari sohasi bilan cheklanmay, bevosita ishlab chiqarish maydonlariga qadar kengayadi.
Mehnat bozoridagi yangilanishlar O‘zbekistonning barqaror rivojlanish yo‘lidagi natijalariga ham hissa qo‘shishi mumkin. Barqaror rivojlanish bo‘yicha 2026-yilgi hisobotda mamlakatimiz 72,95 ball bilan 169 davlat orasida 65-o‘rinni egallagan. 8-maqsad — munosib mehnat va iqtisodiy o‘sish yo‘nalishidagi harakat esa mo‘’tadil sur’atda yaxshilanayotgani qayd etilgan. Dasturning bu yo‘nalishga qo‘shgan hissasini malaka oshirgan xodimlar, mehnat unumdorligi va ish haqidagi o‘zgarishlar, shuningdek, hududlarda yaratilgan barqaror ish o‘rinlari orqali baholash mumkin. Ana shu mezonlar raqamli yangilanishning inson hayotidagi amaliy natijasini ko‘rsatadi.
Texnologiya korxonaga kirganida u faqat uskunalarni emas, odamning kundalik mehnatini ham raqamlarda aks ettira boshlaydi. Ayrim sun’iy intellekt tizimlari xodimning ish sur’ati, bajargan vazifalari va mahsulot sifatiga oid ko‘rsatkichlarni tahlil qilishi mumkin. Bu ma’lumotlar ish haqi yoki kasbiy bahoga ta’sir qilar ekan, xodim o‘ziga doir ma’lumotlar bilan tanishish va xato bo‘lsa, uni tuzatish imkoniga ega bo‘lishi kerak. Sun’iy intellekt chiqargan xulosani mas’ul mutaxassis qayta ko‘rib chiqishi esa bir texnik xato inson mehnatiga berilgan bahoni belgilab qo‘yishining oldini oladi. Shunda raqamli boshqaruv tezkorlik bilan birga adolat va ishonchni ham mustahkamlaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, sun’iy intellekt ishlab chiqarishni jadallashtirib, korxona daromadi va xodimlarning mehnat haqida ijobiy o‘zgarish yaratsa, u haqiqatan ham biznesning hamkoriga aylanadi. Dasturning keng istiqboli ham shunda: texnologiya korxonani yangilaydi, malaka xodimning mehnat bozoridagi o‘rnini mustahkamlaydi, iqtisodiyot esa zamonaviy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar hisobiga yangi sur’at oladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA