Sun’iy intellekt taraqqiyotida yangi bosqich
Bugungi kunda dunyo taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylangan sun’iy intellekt texnologiyalari ilm-fan, ta’lim va iqtisodiyotning barcha sohalariga chuqur kirib bormoqda. O‘zbekistonda ham raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Buxoro davlat texnika universitetida amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatimizda intellektual texnologiyalarni rivojlantirishga xizmat qilayotgan muhim tashabbuslardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlar yo‘lida Markaziy Osiyo Sun’iy Intellekt Assotsiatsiyasi raisi Vladimir Norov Buxoro davlat texnika universitetiga tashrif buyurdi. Mehmon universitetda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida amalga oshirilayotgan zamonaviy loyihalar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida innovatsion g‘oyalarga asoslangan “Energy-Auto-Parking” aqlli avtoturargoh loyihasi taqdim etildi. Shuningdek, yaqin istiqbolda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan “Sun’iy intellekt” ilmiy laboratoriyasi faoliyati, yosh olimlar va talabalar ishtirokida amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar hamda kelgusida hayotga tatbiq etiladigan istiqbolli ishlanmalar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.

Universitet rektori Sadoqat Siddiqova hamda Vladimir Norov o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda sun’iy intellekt sohasida qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish, xalqaro tajribalarni joriy qilish, talabalar va yosh tadqiqotchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash kabi ustuvor masalalar muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida Markaziy Osiyo Sun’iy Intellekt Assotsiatsiyasi bilan Buxoro davlat texnika universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat ikki tomonlama ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish va xalqaro loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Tadbir so‘ngida universitetning IT markazida tashkil etilgan “Sun’iy intellekt” va “Kiberxavfsizlik” yo‘nalishlari bo‘yicha tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan iqtidorli talabalar hamda faol ishtirokchilar munosib taqdirlandi. Bu esa yoshlarning innovatsion fikrlashi, ilmiy izlanishlarga qiziqishi va zamonaviy texnologiyalarni puxta egallashga bo‘lgan intilishlariga qanot bag‘ishlaydi.

Shubhasiz, mazkur tashrif va imzolangan hamkorlik memorandumi Buxoro davlat texnika universitetini nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyoda sun’iy intellekt sohasidagi yetakchi ilmiy-ta’lim markazlaridan biriga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Bu kabi hamkorliklar natijasida innovatsion g‘oyalar hayotga tatbiq etilib, yangi texnologiyalar yaratiladi, iqtidorli yoshlar salohiyati yuksaladi va mamlakatimiz raqamli taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri