Sun’iy intellekt sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi
FOTOREPORTAJ
Buxoro davlat universitetida Markaziy Osiyo Sun’iy Intellekt Assotsiatsiyasi raisi Vladimir Norov ishtirokida “Sun’iy intellekt davrida oliy ta’lim va ilm-fan transformatsiyasi” mavzusida ilmiy-amaliy uchrashuv o‘tkazildi. Unda universitet rektori Obid Hamidov, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda V. Norovning xalqaro maydondagi ko‘p yillik faoliyati hamda universitet rivojiga qo‘shayotgan hissasi e’tirof etilib, unga «Buxoro davlat universitetining faxriy professori» unvoni, «BuxDU – 95 yilligi» esdalik ko‘krak nishoni hamda «Diplomatiya va elchilik munosabatlari tarixi» mavzusidagi ilmiy asarlar to‘plami topshirildi.
Shuningdek, Buxoro davlat universiteti va Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjat sun’iy intellekt texnologiyalarini ta’lim va ilmiy jarayonlarga keng joriy etish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda innovatsion hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
[gallery-30136]
Vladimir Norov ma’ruzasida sun’iy intellektning mintaqa taraqqiyotidagi o‘rni, oliy ta’lim tizimida kechayotgan transformatsiya jarayonlari va zamonaviy texnologiyalarning ahamiyati haqida fikr bildirdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur uchrashuv hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, universitetning innovatsion salohiyati va xalqaro nufuzini oshirish, raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirishga xizmat qiladi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA