Sudlar xalqimizning adolat qo‘rg‘oniga aylanmoqdami?
Surxondaryo viloyat sudida joriy yilning 9 oyida odil sudlovni ro‘yobga chiqarish yuzasidan amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda viloyat sudi raisi Tolib Bayzakov yilning o‘tgan davrida vohada odil sudlovni amalga oshirib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish yuzasidan bajarilgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Anjumanda qayd etildiki, viloyat sudlari inson qadrini ulug‘lab, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilishni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish hamda sud protsessiga zamonaviy huquqiy mexanizm va institutlarni joriy etish orqali xalqchil, adolatli sud tizimini barpo etishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Prezidentimizning 2026-yil 14-avgustdagi “Odil sudlov – 2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni odil sudlovga oid xalqchil maqsadlarni samarali amalga oshirishda muhim dasturulamal bo‘lmoqda. Xususan, viloyatda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari yilning o‘tgan davrida 4 ming 495 nafar shaxsga nisbatan 3 ming 534 ta jinoyat ishini ko‘rgan. Shu davrda 1 ming 252 ta sayyor sud majlislari o‘tkazildi. Bu jami ko‘rib tamomlangan ishlarning 35,4 foizini tashkil etadi. Jinoyatlarning oldini olish uchun jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ygan va shart-sharoit yaratgan shaxslarga nisbatan 2 ming 233 ta xususiy ajrim chiqarildi. 42 ming 580 nafar shaxsga nisbatan 33 mingta ma’muriy ish ko‘rib chiqilib, tamomlandi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda 21 ming 61 ta fuqarolik ishi, 36 ta hakamlik sudining qarorlariga doir ishlar va 8 ming 553 ta material ko‘rib, tamomlandi. Ularning 450 tasi yoki 2,1 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi. Sud ta’sir chorasini qo‘llash maqsadida 367 ta xususiy ajrim chiqarildi. Fuqarolik sudlarida 80 ming 926 ta ariza sud buyrug‘i tartibida hal etildi. 12 ming 401 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqilib, tamomlandi.

Sud qarorlarining o‘zgartirilishi va bekor qilinishi bo‘yicha yilning o‘tgan davrida yuqori instansiyada 1 ming 7 nafar shaxsga nisbatan 825 ta jinoyat ishi ko‘rilib, 206 nafar shaxsga nisbatan 167 ta jinoyat ishi o‘zgartirildi. 27 shaxsga nisbatan 23 ta jinoyat ishi bekor qilindi. 708 shaxsga nisbatan yuqori instansiyada ko‘rilgan 680 ta ma’muriy ishlarda 126 ta ish o‘zgartirilgan, 130 ta ish bekor qilingan.
Matbuot anjumanida fuqarolik ishlari va iqtisodiy ishlar bo‘yicha o‘zgartirilgan yoki bekor qilingan sud qarorlari xususida ham tegishli ma’lumot berildi. Sudlarda ko‘rilgan ishlarning o‘sish va kamayish dinamikasi tahlil qilinib, firibgarlik, giyohvandlik va oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikka oid jinoyat ishlari, nikohdan ajratish, sug‘urta va kredit shartnomasiga doir fuqarolik, oldi-sotdi, mahsulot yetkazib berish va kredit shartnomasiga oid iqtisodiy ishlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli oshgani, qasddan odam o‘ldirishga oid jinoyat ishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kamaygani, 8 nafar shaxsga oqlov hukmi chiqarilgani ta’kidlandi.

Tadbir ishtirokchilari viloyatda ayollar, voyaga yetmaganlar va oltmish yoshdan oshganlar jinoyatchiligi to‘g‘risida ham yetarli ma’lumotga ega bo‘ldi. Odil sudlovni ta’minlash yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Taklif va tavsiyalar bildirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri