Sud raisi Xalq qabulxonasida fuqarolar murojaatlarini tingladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasida viloyat hokimligi, boshqarma va idoralar rahbarlarining qabullari muntazam o‘tkazilmoqda.
Navbatdagi shunday qabulda Samarqand viloyati sudi raisi Dilshod Rajabov va uning o‘rinbosarlari fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaatlarini tingladi.
Qabul davomida fuqarolar sudlov jarayonlari, ijro ishlari, mulkiy nizolar hamda boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha viloyat sudi mas’ullariga murojaat qildi.
Yigirmadan ortiq masalaning har biri batafsil tahlil qilinib, qonuniy asoslantirilgan javob berildi. O‘rganish talab qiladigan, muddat bilan bog‘liq murojaatlar nazoratga olinib, ijroga mas’ullar tayinlandi.
Viloyat sudi raisi sud idoralari rahbarlari va sudyalarning o‘z ish joylarida ham qabul kunlari mavjud bo‘lsa-da, joylarda o‘tkaziladigan sayyor qabullar fuqarolar bilan yanada yaqin, ochiq muloqotga kirishish uchun qulay imkoniyat ekanligini ta’kidladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri