Sud raisi aholi murojaatini tingladi
Samarqand viloyat sudi raisi Olim Hayitovning navbatdagi sayyor qabuli Samarqand shahrida o‘tkazildi. Dastlab aholi bilan uchrashuv tashkil etilib, sud-huquq islohotlari, qonunchilikdagi yangiliklar, davlatimizning bu sohadagi siyosati haqida tushuncha berildi.
Shundan so‘ng viloyat sudi raisi Samarqand shahar sudlari sudyalari bilan birgalikda fuqarolarni qabul qilib, jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy masalalar yuzasidan murojaatlarni ko‘rib chiqdi. Aholi tomonidan bildirilgan 40 ga yaqin murojaatning qonunga muvofiq keladiganlari ijobiy hal qilindi, ayrimlari bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi. Vaqt talab qiladigan murojaatlar yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.


Sayyor qabul davomida sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan jazo o‘tayotgan 34 nafar fuqaro sud raisi va sudyalarga murojaat qilib, qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligi, bundan buyon sog‘lom turmush tarzida hayot kechirishini bildirib jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi. Shu yerda jinoyat ishlari bo‘yicha sayyor sud tashkil etilib, har bir holat alohida ko‘rib chiqildi va murojaatlar ijobiy hal etildi. Murojaat qilganlarning 12 nafarining jazosi yengilroq jazoga almashtirildi. 22 nafar mahkum jazoni o‘tashdan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi.
G‘.HASANOV,
O‘zA