Sud faxriylariga ehtirom ko‘rsatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi “Oq qush” majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan “Avlodlar uchrashuvi” ma’rifiy loyihasi doirasida sud tizimida uzoq yillar halol ishlab, jamoatchilik o‘rtasida katta obro‘-e’tibor qozongan sud faxriylari bilan yoshlar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizning barcha hududlaridan sud faxriylari va amaliyotda faoliyat ko‘rsatayotgan sudyalar hamda soha vakillari ishtirok etgan tadbirni Sudyalar oliy kengashi raisi X.Yodgorov kirish so‘zi bilan ochdi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, jamiyatda inson qadr-qimmati, uning sha’nini eng oliy qadriyat sifatida qaror toptirish g‘oyasini mustahkamlashdan iborat. Zero, adolatli jamiyat qurish, eng avvalo, har bir fuqaroning huquq va manfaatlariga hurmat bilan yondashishdan boshlanadi.
Shu nuqtai nazardan, mazkur uchrashuvlar sudyalik lavozimiga yaqinda tayinlangan yosh sudyalar uchun o‘ziga xos ma’naviy va kasbiy ibrat maktabi vazifasini o‘taydi. Unda sud faxriylarining hayotiy tajribasi, qabul qilingan murakkab qarorlar va ular ortidagi mas’uliyat hissi yosh sudyalarga adolat mezonlariga sodiq qolish, har bir ishda xolislik va vijdonan yondashish zarurligini yanada teran anglash imkonini beradi.
Tadbir doirasida sud tizimi rivojiga, qonun ustuvorligini ta’minlash va adolatni qaror toptirishga salmoqli hissa qo‘shgan faxriy sudyalar, shuningdek, bugungi kunda samarali faoliyat yuritayotgan xodimlarni tantanali taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga bayramona ruh bag‘ishlash maqsadida adabiyot va san’at vakillari ishtirokida madaniy dastur tashkil etildi. Kuy-qo‘shiqlar va badiiy chiqishlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Shuningdek, faxriy sudyalar va tizimga endigina kirib kelayotgan yosh xodimlar o‘rtasida ochiq muloqot va samimiy davra suhbati o‘tkazildi. Unda faxriylar o‘zining ko‘p yillik tajribasi, sudyalik faoliyatida uchragan murakkab holatlar va ularni hal etish yo‘llari haqida so‘zlab berdi.
Bunday muloqot yosh xodimlar uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, ularda kasbiy etika, xolislik va sud madaniyatiga oid tushunchalarni mustahkamlashga xizmat qildi. Eng muhimi, ushbu uchrashuv ustoz-shogird an’analarini muloqot orqali mustahkamlovchi samarali maydon sifatida namoyon bo‘ldi.
– Uchrashuv Qoraqalpog‘iston sud tizimi hayotida nihoyatda unutilmas voqea bo‘ldi. Mamlakatimizning barcha hududlaridan, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelgan mashhur sudyalar uzoq yillar halol va pok ishlab, o‘ziga xos ibrat maktabini yaratgan ustozlar bugungi avlod vakillari bilan diydorlashdilar, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi Guliston Eshnazarova.
Kunning ikkinchi yarmida tadbir ishtirokchilari ikki guruhga bo‘lingan holda ta’lim muassasalariga tashrif buyurdilar.
Birinchi guruh Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida talaba-yoshlar bilan “Yoshlar va kelajak” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazdi. Suhbat davomida yoshlarning kasbiy tanlovi, huquqiy ongini yuksaltirish va kelajakdagi maqsadlarini aniq belgilash masalalari muhokama qilindi. Ikkinchi guruh esa Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabida iste’dodli ijodkor o‘quvchilar bilan uchrashdi. Unda ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dodini rivojlantirish va izlanishga rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-29178]
Uchrashuvlar yakunida erishgan ijodiy yutuqlari, faolligi va betakror iqtidori bilan ajralib turadigan bir guruh yoshlar Sudyalar oliy kengashining maqtov yorliqlari bilan taqdirlandi. Bu esa ularni yanada faol bo‘lishga, bilim va iste’dodini rivojlantirishga undaydi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida ham bo‘ldi. Mazkur tashrif mehmonlarga Qoraqalpog‘istonning boy madaniy merosi, tasviriy san’at namunalari hamda tarixiy eksponatlari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.