Xorijlik xaridorlarning talablari qanday? (+video)
O‘zbekiston to‘qimachiligi xorij bozorlariga tobora ko‘proq kirib bormoqda.
Ammo mahsulotni ishlab chiqarishning o‘zi yetarli emas. Uni Yevropa yoki AQSH xaridoriga taklif qilish uchun sifatdan tashqari, mahsulotning tarkibi, xavfsizligi, yorlig‘i va hujjatlariga qo‘yiladigan talablarni ham bilish kerak.
Ayni masalalar Texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzurida tashkil etilgan Texnik jihatdan tartibga solish sohasida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash klubi doirasida o‘tkazilgan ochiq muloqotda muhokama qilindi.
Tadbirda to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga Yevropa Ittifoqi va AQSH bozorlariga chiqishda nimalarga e’tibor berish kerakligi tushuntirildi. Xususan, xalqaro standartlar, sertifikatlash, laboratoriya sinovlari, mahsulot markirovkasi va texnik talablar haqida amaliy ma’lumotlar berildi.
Bugun O‘zbekiston to‘qimachiligi uchun tashqi bozor masalasi tobora muhim bo‘lib bormoqda. 2025-yilda sohada eksport hajmi 2,6 milliard dollarga yetdi. Mahsulotlar 75 ta davlatga yetkazib berildi. Eksport qiluvchi korxonalar soni esa 1 409 taga yetgan.
2026-yilda to‘qimachilik eksportini 4 milliard dollarga yetkazish maqsadi qo‘yilgan. Buning uchun esa nafaqat ko‘proq mahsulot ishlab chiqarish, balki uni xalqaro bozor talablariga moslashtirish ham muhim.
Masalan, Yevropa bozoriga chiqmoqchi bo‘lgan korxona mahsulot yorlig‘ida tola tarkibini to‘g‘ri ko‘rsatishi kerak. Qaysi tola qancha miqdorda ekani, mahsulot tarkibi haqidagi ma’lumotlar aniq va tushunarli bo‘lishi talab etiladi.
AQSH bozorida ham mahsulot tarkibi, ishlab chiqarilgan mamlakat, ishlab chiqaruvchi haqidagi ma’lumotlar va kiyim-kechakni parvarish qilish bo‘yicha ko‘rsatmalarga alohida e’tibor qaratiladi.
Shu o‘rinda tadbirkorlar uchun muhim bir jihat bor: xorijga chiqish uchun hammaga birdek mos keladigan «bitta sertifikat» yo‘q. Qaysi mamlakatga, qanday mahsulot bilan chiqilayotganiga qarab talablar o‘zgaradi.
Masalan, OEKO-TEX standarti mahsulotda inson salomatligi uchun zararli moddalar bor-yo‘qligini tekshirishga qaratilgan. Organik to‘qimachilik mahsulotlari uchun esa GOTS kabi standartlar muhim bo‘lishi mumkin.
Demak, gap faqat sertifikat olishda emas. Korxona mahsulotini qaysi bozorga olib chiqmoqchi bo‘lsa, o‘sha bozorning talabini avvaldan o‘rganishi, mahsulotini sinovdan o‘tkazishi, yorliq va hujjatlarini shunga moslashi kerak.
Ochiq muloqotda tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalarni mutaxassislarga bevosita berib, sertifikatlash, laboratoriya sinovlari, markirovka va eksportda uchrayotgan texnik to‘siqlar bo‘yicha javoblar oldi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, xalqaro standartlarga moslashish — faqat sertifikat olish uchun qilinadigan ish emas. Bu korxonada sifatni oshirish, xaridor ishonchini qozonish va yangi bozorlarga yo‘l ochishning muhim shartlaridan biri.
N.Rahmonova,
N.Abduvoitov (video-montaj), O‘zA