Avval xabar berganimizdek, Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati joylarda sport federatsiya va assotsiatsiyalarining bo‘lg‘usi Olimpiya o‘yinlari oldidan tayyorgarlik rejalari bilan tanishmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasining bu boradagi taqdimoti tahlil qilindi.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimiz stol tennisi federatsiyasi yuqori natijalarga erishmagan. Xususan, «Tokio-2020» va «Parij-2024» Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma ololmaganimiz bu sport turiga jiddiyroq e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi. Shu bois, MOQ rahbariyati «Los-Anjeles-2028» yozgi Olimpiya o‘yinlariga erkaklar va ayollar terma jamoalarimiz vakillarining yo‘llanma olishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berishni maqsad qilganini ma’lum qildi.
Federatsiya mas’ullari qit’a va jahon miqyosida raqobatning kuchli ekanini inobatga olib, Olimpiya litsenziyalarini mintaqaviy saralash turnirlari orqali qo‘lga kiritishni rejalashtirganliklarini ta’kidlashdi.
MOQ rasmiylari sportchilarimizning jahon reytingidagi o‘rinlarini yaxshilash va ularni muntazam ravishda nufuzli musobaqalarda qatnashishini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Bundan tashqari, MOQ axborot xizmatining bergan xabariga ko‘ra, yig‘ilishda stol tennisini mamlakatimizda yanada ommalashtirishga oid rejalar ham muhokama qilindi. Suhbat davomida qizlarimizning o‘z yosh toifalarida jahon chempionatlarida ishtirok etayotgani e’tirof etildi va ularning salohiyatini oshirish uchun xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini ko‘paytirish taklif qilindi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA