Starmerga qarshi siyosiy zarba…
Buyuk Britaniyadagi mahalliy saylovning dastlabki natijalari mamlakat siyosiy sahnasida jiddiy o‘zgarish boshlanganini ko‘rsatmoqda. Bosh vazir Kir Starmer rahbarligidagi Leyboristlar partiyasi jiddiy zarbaga uchrayotgan bir payt, o‘ta o‘ng qanot “Reform UK” kutilmagan muvaffaqiyatga erishmoqda.
Nayjel Faraj boshqarayotgan “Reform UK” Angliya shimolidagi ko‘p yil davomida Leyboristlarning asosiy tayanchi bo‘lib kelgan ishchilar hududida yuzlab mahalliy kengash o‘rinlarini qo‘lga kiritdi. Faraj hozirgi holatni “Britaniya siyosatidagi tarixiy burilish” deb atadi.
Saylov natijasi Starmer uchun jiddiy siyosiy sinov sifatida baholanmoqda. Iqtisodiy qiyinchilik va ijtimoiy islohot atrofidagi bahs, bir necha siyosiy xato ortidan uning reytingi keskin pasaygan. Partiya ichida Starmerni lavozimidan chetlatish chaqirig‘i kuchaymoqda.
Siyosiy tahlilchilar fikricha, Britaniyada ikki partiyali an’anaviy tizim parchalanish bosqichiga kirgan. Leyboristlar va konservatorlar ta’siri susayib, o‘ta o‘ng, liberal va “yashil” kuchlar tobora ko‘proq ovoz to‘plamoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA