Sport mutaxassislarini tayyorlashda yangicha yondashuv
Samarqand shahrida “Yangi O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sport sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish: dolzarb muammolar, innovatsion yechimlar va kelajak strategiyalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini boshladi.
Ilmiy-amaliy muloqotda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, sport ta’limi tizimi mutaxassislari, murabbiylar, yosh tadqiqotchilar, doktorantlar, sport tibbiyoti va psixologiyasi sohasi vakillari qatnashmoqda.
O‘zbekiston davlat sport akademiyasi rektori, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), professor Ilhomjon Tursunaliyev anjumandan ko‘zlangan maqsad va vazifalar haqida so‘z yuritib, konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Muhokamalarda mutaxassislarning kasbiy kompetensiyalarini oshirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish, pedagogik, psixologik, tibbiy-biologik va biomexanik yondashuvlarni integratsiyalash, sport ta’limini raqamlashtirish, sun’iy intellekt va masofaviy ta’lim imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek, ilm-fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

– Bugun sportda yuqori natijaga erishish nafaqat sportchining iste’dodi yoki murabbiyning tajribasiga, balki mutaxassislarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalariga ham bog‘liq, - deydi jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti Samarqand filiali professori Hamroqul Rofiyev. - Shu bois malaka oshirish tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va ilg‘or pedagogik yondashuvlarni ta’lim jarayoniga keng joriy etish muhim. Bu sport ta’limi sifatini oshirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash va tayyorlash hamda mamlakat sportining raqobatbardoshligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Anjumanda jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish tizimidagi dolzarb masalalar, mavjud muammolarning ilmiy-amaliy yechimlari, ilg‘or tajribalar va innovatsion yondashuvlar muhokama qilinib, taklif va tavsiyalar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri