O‘zbekistonlik kriket murabbiylarining kelajakda xorijiy mamlakatlarda murabbiy va mutaxassis sifatida ishlash imkoniyati kengaymoqda.
Bu haqda kuni kecha yurtimizda ushbu sport turi bo‘yicha trener-mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha boshlangan xalqaro o‘quv-mashg‘ulot seminarida O‘zbekiston kriket federatsiyasi mutasaddilari ta’kidladi.
Aytish lozim, dunyoda eng ommaviy sport turi futbol bo‘lsa, undan keyin kriket hisoblanadi.
O‘zbekiston kriket federatsiyasi 2019 yili tashkil etilgan bo‘lib, hozirda Toshkent, Qashqadaryo, Farg‘ona, Samarqand, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlarida, 13 yoshgacha, 19 yoshgacha, kattalar hamda xotin-qizlardan iborat kriket jamoalari mavjud.
Bundan tashqari, yurtimizda istiqomat qilayotgan chet ellik mutaxassislardan tashkil topgan 2 ta kriket jamoasi shakllangan.
Kriket bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar va ayollar terma jamoalari ayni kunlarda joriy yil 23 sentyabr — 8 oktyabr kunlari Xitoyda o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlarida yurtimiz sharafini himoya qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Yurtimizda kriket murabbiylarini tayyorlashning ikki bosqichli (Level-1 Criket Coaching ) tizimi yo‘lga qo‘yilgani asnosida o‘tgan yil oktyabr-noyabr oylarida dastlabki o‘quv-mashg‘ulotlari tashkil etilgan edi.
Bu gal esa ushbu mutaxassislar xalqaro sertifikatga ega bo‘lish yo‘lida yana bir muhim qadamni tashlamoqda. O‘quv-seminarda xalqaro toifadagi mutaxassislar, pokistonlik Tohir Muhammad va Birlashgan Arab Amirligidan Iqbol Skander yurtimizdagi sport murabbiylariga kriket bo‘yicha Level-I toifasiga ega bo‘lish sirlaridan saboq bermoqda.
Ishtirokchilar uch kunlik o‘quv-mashg‘ulotlarni yakunlagach, imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tganlar ICCning birinchi bosqichli xalqaro kriket murabbiyi sertifikatiga ega bo‘ladi. Mazkur sertifikat sohibi bo‘lgan trenerlar kelgusida nafaqat mamlakatimizda, balki xorijiy davlatlarda ham murabbiy-mutaxassis sifatida faoliyat ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA