Poytaxtimizda sport gimnastikasi bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi musobaqalarida dunyo sportida tarix yaratgan Oksana Chusovitinaning ishtirok etgani katta shov-shuvga sabab bo‘lish bilan birga, yosh sportchilarga ruhiy quvvat bag‘ishladi.
Sakkiz marta Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi, bir marta g‘oliblikka erishgan, uch marta jahon chempionligini qo‘lga kiritgan Chusovitinaning mamlakat chempionatidagi ishtiroki uning hali ham yuqori sport formasida ekanini ko‘rsatdi.
Chusovitina tayanch sakrash bahsida raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va munosib ravishda oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Ushbu musobaqada ishonchli va texnik jihatdan aniq o‘yin namoyish etgan yosh sportchimiz Shahinabonu Yusupova kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Aytish lozim, aynan Sh.Yusupova joriy yilning 19 oktyabr kuni Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida boshlanadigan 53-jahon chempionatida yana bir mahoratli sportchimiz Dildora Oripova bilan birgalikda O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.
Sport gimnastikasi bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi katta murabbiyi Lyudmila Li yosh sportchilarimizning mamlakat kubogidagi chiqishlari ularning jahon chempionatida dunyoning yetakchi gimnastikachilari bilan munosib bahs yuritishi uchun katta imkoniyat maydoni bo‘lganini ta’kidladi.
Bevosita O‘zbekiston kubogi natijalariga to‘xtaladigan bo‘lsak, Chusovitina singari o‘z yo‘nalishlarida Aleksandra Shevchenko, Soliha Tursunboyeva, Odinaxon Robidjonova, Milana Gaynulina, Jasmina Toshkenbekova singari qizlar sovrinli o‘rinlarni egallashdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA