Sport gimnastikachimiz Osiyo chempionatida Olimpiya o‘yinlari sovrindorlarini ortda qoldirdi
Xitoyning Szuni shahridagi “Olimpiya” sport majmuasida sport gimnastikasi bo‘yicha erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan 13-Osiyo chempionati hamda yoshlar o‘rtasidagi 19-Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Qit’aning 21 ta davlatidan mahoratli gimnastikachilar ishtirok etgan chempionatning kattalar o‘rtasidagi bahslarida terma jamoamiz a’zolaridan O‘tkirbek Jo‘rayev dastakli ot dasturida oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, kumush medal “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari sovrindori xitoylik Chjan Boxenga, bronza esa “Tokio-2020” Olimpiya o‘yinlari kumush medal sohibi Xitoy taypeyilik Li Chji-Kayga nasib etdi.

Yoshlar yo‘nalishidagi bahslarning tayanab sakrash dasturida Bekzod Baxtiyorov, dastakli ot dasturida Timur Kamayev bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Osiyo chempionatining umumiy natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin va 2 ta bronza medaliga egalik qilgan holda kattalar o‘rtasida 4, yoshlar orasida esa 5-o‘rinni egalladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA