Sport: Farg‘ona tajribasi boshqa hududlarda ham ommalashtiriladi
Sport ta’lim muassasalarida geokollektorlar o‘rnatish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimiz madaniy-ma’rifiy hayotida, ijtimoiy va ishlab chiqarish jabhalarida xalqaro tajribani o‘rgangan holda ilg‘or tajribalarni joriy etish, aholiga qulay shart-sharoitlar yaratish, tejamkor energiya resurslaridan samarali foydalanish borasida katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Farg‘ona viloyati sport ta’lim muassasalarida geokollektorlar o‘rnatish bo‘yicha shakllangan ilg‘or tajriba yaqinda viloyatda o‘tkazilgan sport sohasi mutaxassislari ishtirokida kengaytirilgan o‘rganish jarayonida mutaxassislar e’tiborini tortdi.
Sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Farg‘ona viloyat hokimi Xayrulla Bozorov, sport sohasi vakillari, respublikamizning barcha hududlaridagi sport boshqarma va tashkilotlari rahbarlari ishtirokida onlayn va oflayn tarzda o‘tkazilgan sayyor yig‘ilish davomida Farg‘onadagi sport-ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan tajribani boshqa hududlardagi ta’lim muassasalarida, sport maktablari va to‘garaklarda, klublarda ham joriy etish lozimligi ta’kidlandi.

Farg‘ona viloyatidagi 12 ta sport ta’lim muassasasida bugungi kunga qadar umumiy sig‘imi 3800 litr bo‘lgan geokollektorlar o‘rnatilishi natijasida energiya sarfi kamayishi bilan ish hajmidagi sarf-xarajatlarning tejamkorligiga ta’sir ko‘rsatgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur geokollektorlarning har biri 80 litr sig‘imga ega bo‘lgan qariyb 47–50 ta elektr suv isitkichlari o‘rnini bosish imkonini berayotganligi ta’kidlandi.
Natijada suvni isitish uchun sarflanadigan elektr energiya quvvati sezilarli darajada kamayadi. O‘rtacha hisobda kuniga 180–220 kVt·soat elektr tejalib, yil davomida bu ko‘rsatkich 65–80 ming kVt·soatga yetishi kutilmoqda.
Amalga oshirilayotgan ushbu ishlar sport-ta’lim muassasalarida energiyani tejash, elektr energiyasi sarfini qisqartirish, ish samaradorligini oshirish hamda sportchi va murabbiylar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilishi bilan e’tiborlidir.
T. Ro‘ziyev, O‘zA