"SPA": Nigeriyada musulmon va xristian yetakchilari o‘rtasida tinchlik bitimi imzolandi
Nigeriyada mazhablararo totuvlikni mustahkamlash maqsadida 50 dan ortiq musulmon va xristian diniy yetakchilari o‘zaro tinchlik bitimini imzoladilar. Axborot hamkorimiz - “SPA” yozishicha, ushbu hujjat Musulmon dunyosi ligasi tomonidan Abuja shahrida tashkil etilgan anjumanda tasdiqlangan.

Tadbir doirasida diniy bag‘rikenglikni yanada rivojlantirish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida yangi dinlararo tashkilotga ham asos solindi. Ushbu xayrli tashabbus 200 milliondan ortiq aholiga ega bo‘lgan Nigeriyada davom etayotgan diniy bo‘linishlar fonida yuzaga keldi.
O‘tgan yilning noyabr oyida AQSH prezidenti Donald Tramp Nigeriyani “sharmandali mamlakat” deb atab, u yerdagi “islomchi terrorchilar” tomonidan xristianlar ta’qib qilinayotganini vaj qilib, harbiy aralashuv bilan tahdid qilgach, diniy ziddiyatlar yanada keskinlashgan edi.

Mamlakatning shimoli-sharqida “Boko Xaram” va “Islom davlatining G‘arbiy Afrika viloyati” kabi ekstremistik guruhlar 15 yildan ortiq vaqtdan beri qurolli hujumlar uyushtirib kelmoqda.
Ushbu kelishuv 2027-yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari arafasida tuzildi. Ekspertlar fikricha, bo‘lajak saylov kampaniyasida diniy omillar yana bir bor mamlakat siyosiy hayotida muhim rol o‘ynashi kutilmoqda.
(Ushbu maqola O‘zA va SPA axborot agentliklari o‘rtasidagi hamkorlik kelishuviga muvofiq tayyorlandi)
F.Yaxshiboyeva, O‘zA