Navoiy viloyatining Nurota tumanidagi Ergash Jumanbulbul o‘g‘li nomidagi istirohat bog‘ida qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan “So‘zana va kashta” milliy hunarmandchilik san’ati festivali bo‘lib o‘tdi.
Festivalda 200 nafarga yaqin xalq amaliy sn’ati namoyondalari ishtirok etib, qo‘lda tikilgan gilam va hunarmandchilik buyumlari, tasviriy san’at asarlari namoyish etildi.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Sa’dulla Mirzayev, tuman hokimi Azamat Fayziyev va boshqalar so‘zga chiqib, yurtimizda milliy hunarmandchilikni yanada rivojlantirish, uning sir-asrorlarini chuqur o‘rganish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni kasb-hunarga qiziqtrish, qolaversa, ular orqali bu nafis hunarni avloddan-avlodga yetkazish maqsadida olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Kashtachilik milliy hunarmandchilik san’atining bir turi bo‘lib, unda nafislik, o‘tkir va yorqin ranglar aks etadi, naqshlar xilma-xilligiga alohida e’tibor qaratiladi. Nurota kashtachiligi esa o‘zining qadimiyligi, uslubi va naqshinkorligi bilan ajralib turadi. Bu yerning har bir xonadonida 100-200 yillik so‘zana va kashtalar mavjud bo‘lib, hozirgi kungacha o‘zining serjiloligini yo‘qotmagan.
– Qadimiy an’analarga ko‘ra, o‘zbek qizlari bo‘lajak kelinlik seplariga har xil kashtachilik buyumlarini o‘zlari tayyorlaganlar, – deydi tajribali hunarmandlardan biri Zarina Hamidova. – Qizlarga 7-9 yoshidan boshlab kashta tikish o‘rgatilgan. Har bir oila o‘zi uchun so‘zana, dorpech, parda, belbog‘, takyapo‘sh (yostiq ustiga yopiladigan), do‘ppi, ko‘ylak, dastro‘mol, hamyon, joynamoz, sumka, nimcha va boshqalarni tikishgan. O‘tmishda bu kashtalar oq va malla matolarga tikilgan bo‘lsa, keyinchalik satin, shoyi, baxmal matolariga ham tikilgan.
[gallery-19288]
Milliy kashtachilik va so‘zana san’atida o‘simliksimon va gullar tasviri tushirilgan naqsh kompozitsiyalari keng qo‘llaniladi. Gullari va chokining nafisligi bilan ajralib turadigan kashtalarni tikish kishidan alohida zehn va sabr-toqat talab qiladi.
– Kashta tikish sirlarini onam Ruxsora To‘raqulovadan o‘rganganman, – deydi hunarmand Maxfirat To‘raqulova. – Onam asli Toshkentdan Nurotaga kelin bo‘lib tushgan. Garchi onam o‘qituvchi bo‘lsalar-da, buvimdan kashta tikish sirlarini o‘rgangan va bugungi kunda ham mahallamiz ayollari va qizlariga ustozlik qilib keladi. Onam ko‘plab hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalarida ishtirok etgan va bir qator chet davlatlarda bo‘lib qaytgan. Davlatimizning yuksak mukofoti “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan. Bugun men ham onamning qo‘llab-quvvatlashi bois o‘zim yosh bo‘lsam-da, ko‘plab shogirdlar tayyorlayotganimdan xursandman. Shogirdlarim nafaqat Nurotada, balki Navoiy, Buxoro, Toshkent shaharlarida ham bor. Tikilgan kashtalarimizda milliy qadriyatlarimizga e’tibor qaratamiz. Undagi har bir gulning, rasmning o‘z tarixi bor.
Tadbirda folklor jamoalari ishtirok etib, o‘z repertuarlaridan joy olgan quy-qo‘shiq va laparlarni ijro etdi.
Tadbir so‘nggida “Eng yaxshi so‘zana va kashtachi”, “Eng yaxshi so‘zana va kashtachi maktabi ustasi”, “So‘zana va kashtachilik bo‘yicha qadimiy sulola davomchisi”, “Qadimiy an’analarni qayta tiklagan so‘zana va kashtachi”, “Eng yosh mahoratli so‘zana va kashtachi” yo‘nalishlarida faol hunarmandlar aniqlandi.
Ularga tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari