O‘zbekiston–Rossiya hamkorligining ta’lim va migratsiya sohalaridagi istiqbollari muhokama qilindi
Bugun poytaxtimizdagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida “Ta’lim dasturlari va mehnat bozori ehtiyojlarini O‘zbekiston–Rossiya hamkorligida integratsiya qilish: kadrlar tayyorlashdan migratsiya oqimlarini boshqarishgacha” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda davlat idoralari, diplomatik korpus, yetakchi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlari, madaniy va jamoat tashkilotlari, shuningdek, ikki mamlakat biznes doiralari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ta’lim, mehnat bozori hamda migratsiya sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqboli muhokama qilindi.
[gallery-29537]
Shuningdek, davra suhbati dasturidan uchta tematik sessiya o‘rin oldi. Ularda O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimi va mehnat bozori ehtiyojlari, Rossiya OTM filiallari negizida kadrlar salohiyatini shakllantirish, biznes va ta’lim muassasalari hamkorligi modellari, tayyorlov markazlarining mehnat migratsiyasini boshqarishdagi o‘rni muhokama qilindi.
Mutasaddilarga ko‘ra, mehnat bozori ehtiyojini ta’lim dasturi bilan uyg‘unlashtirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biriga aylangan. Shu nuqtai nazardan, o‘rta va oliy bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlashda zamonaviy kvalifikatsiya talabini inobatga olish, ta’lim muassasasi bilan ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Yig‘ilishda Rossiya kapitali ishtirokida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish, mutaxassislarni maqsadli tayyorlash va amaliyot dasturini takomillashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Mehnat migratsiyasi sohasida tashkillashtirilgan yondashuvlarni rivojlantirish, fuqarolarning kasbiy, til va adaptatsiya tayyorgarligini kuchaytirish bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Dilshod Hakimov, Oybek Pardayev (surat), O‘zA