Ma’lumki, sovuq suv baliqlari asosan respublikamizning tog‘ va tog‘oldi hududlaridagi sovuq suvlarda yetishtiriladi. Baliqchilik sohasining ushbu yo‘nalishini yanada rivojlantirish, sanoat usulida yetishtiriluvchi baliq turlarini ko‘paytirish hamda aholi dasturxoniga sovuq suv baliqlari sirasiga kiruvchi forel, osyotr, losos baliqlarini yetkazib berish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
AOKAda tashkil etilgan brifingda "O‘zbekbaliqsanoat" uyushmasi axborot xizmati rahbari Zilola Ro‘ziyeva sohaga tegishli ma’lumotlarni taqdim etdi.
Qayd etilishicha, sovuq suv baliqlarini yetishtiruvchi xo‘jaliklarning soni 41 taga, quvvati 8,3 ming tonnaga yetkazildi. Baliqchilikning bu yo‘nalishi asosan Toshkent, Surxondaryo, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida jadal rivojlanib bormoqda. Jumladan, Toshkent viloyatida quvvati 3 ming 800 tonna bo‘lgan 11 ta korxona faoliyat yuritadi.
Namangan viloyatida 10 ta xo‘jalik tomonidan 3 000 tonna quvvatda sovuq suv baliqlarini yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Shundan "Db group eco", “Fishville Norin” hamda "Uchqo‘rg‘on yo‘lovchi tashish" mas’uliyati cheklangan jamiyatlari yuqori quvvatlarda baliq yetishtiradi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatida 540 tonna quvvatdagi 5 ta xo‘jalik tomonidan sovuq suv baliqlari yetishtirilmoqda.
Shu bilan birga, joriy yil davomida sovuq suv baliqlarini yetishtirish bo‘yicha 15 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, 1 may holati bo‘yicha respublikada quvvati 570 tonna bo‘lgan 6 ta loyiha ishga tushirildi.
Bundan tashqari foydalanilmasdan kelayotgan mavjud resurslardan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida tajriba tariqasida Norin tumanidagi meliorativ quduqlardan olinayotgan suv manbaidan foydalangan holda davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida intensiv usulda forel baliqlarini yetishtirish loyihasi amalga oshirildi.
Hozirda hududdagi 34 ta tik quduqlardan 15 tasining atrofida forel yetishtirish bo‘yicha basseynlar tashkil etilmoqda. Xususan, “Fishville Norin” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 4 ta tik quduqlarda loyiha ishga tushirilib, har biridan 30-40 tonna baliq yetishtirish imkoniyati yaratildi hamda 10 nafar aholining bandligi ta’minlandi.
Mazkur yo‘nalishni yanada rivojlantirish borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida xo‘jaliklar tomonidan hozirgi kunda 8 ming 300 tonnadan ortiq sovuq suv baliqlari yetishtirish quvvatlari yaratilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA