O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan “So‘qoqdagi sarguzasht” badiiy filmining katta premerasi bo‘lib o‘tdi.
Namoyishda Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, kinoijodkorlar, yurtdoshlarimiz hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Shuhrat Rizayev ushbu filmning mazmuni va jamiyatdagi ahamiyati xususida atroflicha so‘z yuritdi.

"So‘qoqdagi sarguzasht" to‘liq metrajli badiiy film bo‘lib, unda asosan qarz olib, quyonchilik bilan shug‘ullangan, o‘qish uchun “kontrakt” pulini to‘lagan, ukalariga yordam bergan va butun respublikada mashhur bo‘lgan yosh yigitning haqiqiy hikoyasi bayon qilingan.

Shuningdek filmda asosan yosh va keksa avlodning o‘zaro munosabatlari, tabarruk yoshdagi insonlarni qadrlash va tadbirkorlik yo‘lida yaratilayotgan imkoniyatlar hamda maqsad sari qat’iyat bilan intilish insonni orzular sari yetaklashidek ezgu g‘oyalar ilgari suriladi.

Filmda Matyoqub Matchonov, Tohir Saidov, Mamasoli Yusupov, Sobir Otajonov, Munojat Alimbayeva, Dilshod Nazarov, Xurshid To‘xtayev, Dilorom Umarova, Xonzoda Do‘stova, Huvaydo Jumayeva, Feruza Mustayeva kabi aktyorlar asosiy rollarni ijro etishgan.
N.Usmonova,
O‘zA