“Paxta” badiiy filmining tantanali premerasi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida yaratilgan “Paxta” badiiy filmi keng jamoatchilik e’tiboriga havola etildi.
Film premerasida Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, kino ijodkorlari, soha mutaxassislari, kino ixlosmandlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Premera dasturi mazmunan boy tarzda tashkil etilib, mehmonlarga nafaqat film namoyishi, balki O‘zbekiston Kino san’ati muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyati ham yaratildi.
Film Rashid Malikov rejissyorligida suratga olingan bo‘lib, bosh rolni Xurshida Arabshoyeva mahorat bilan ijro etgan.

Drama janriga mansub mazkur kartina hayot sinovlari, murakkab taqdir va insoniy iroda haqida chuqur va ta’sirchan hikoyani yoritadi. Baxtsizlik domida ham insof, diyonat, oriyat, ayollik iffatini ustuvor bilgan film qahramoni boshiga tushgan og‘ir kunlarni Yaratganning sinovi tarzida qabul qilib, alaloqibat baxtga erishadi.

“Paxta” — mazmun va badiiy ifoda uyg‘unligi bilan ajralib turadigan, tomoshabin qalbida uzoq vaqt aks sado berishi kutilayotgan muhim kino loyihalardan biri. U ayollik qismatining og‘ir sinovlari, baxtning sharafli manzili haqida hikoya qilishi bilan tomoshabinlarda katta taassurot uyg‘otdi.
N.Usmonova, O‘zA