Soliq qoidabuzarliklari haqida xabar berganlarga mukofot puli berildi
Raqamli iqtisodiyot sharoitida davlat va fuqaro o‘rtasidagi hamkorlik tobora yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Soliq sohasida joriy etilgan raqamli xizmatlar nafaqat tadbirkorlarga qulaylik yaratmoqda, balki jamoatchilik nazoratini ham kuchaytirmoqda. Ana shunday samarali yechimlardan biri — «Soliq» mobil ilovasidagi «Soliq hamkor» tizimi.
Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyun oylarida mazkur tizim orqali 63 ming 714 ta murojaat kelib tushgan. Bu esa aholining soliq qonunchiligiga rioya etilishiga befarq emasligi, iste’molchilik huquqlarini himoya qilishda faol ishtirok etayotganini ko‘rsatadi.
Tahlillarga ko‘ra, murojaatlarning asosiy qismi xarid cheklari berilmasligi bilan bog‘liq. Jumladan, 51 ming 974 ta xarid cheki berilmagan. 2 ming 149 holatda plastik karta orqali to‘lov qabul qilish rad etilgan. 135 ta — plastik karta orqali to‘lov uchun narx sun’iy ravishda oshirilgan. 9 ming 456 ta — boshqa turdagi soliq huquqbuzarliklari aniqlangan. Bu raqamlar ayrim savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarida naqd tushumlarni yashirish, soliq hisobotini kamaytirishga urinish holatlari hali ham uchrayotganini ko‘rsatadi. 99,5 foiz murojaat o‘z tasdig‘ini topgan.
Hisobot davrida kelib tushgan murojaatlarning 19 ming 40 tasi takroriy ekani yoki mazkur tadbirkorlik sub’ektida tekshiruv olib borilayotgani sababli ko‘rib chiqilmagan. Qolgan murojaatlar asosida 41 ming 687 ta sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilgan. Eng e’tiborli jihat, tekshiruvlarning 99,5 foizida huquqbuzarlik holatlari tasdiqlangan. Bu ko‘rsatkich ikki muhim xulosani anglatadi.
Birinchidan, fuqarolar murojaatlarining aksariyati asosli nazoratning raqamli mexanizmi amalda yuqori samara berayotganini anglatadi. Ikkinchidan, «Soliq hamkor» tizimida huquqbuzarlik haqida xabar bergan fuqarolar davlat tomonidan moddiy rag‘batlantiriladi.
2026-yilning dastlabki olti oyida 31 ming 174 ta holat bo‘yicha jami 20,2 milliard so‘m mukofot puli to‘langan. Mukofot miqdori huquqbuzarlik bo‘yicha undirilgan jarimaning 20 foizi hisobidan shakllantiriladi. Bu mexanizm aholining soliq nazoratidagi ishtirokini oshirish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish va halol raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Soliq kodeksi, shuningdek «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun talablariga muvofiq, tovar yoki xizmat uchun hisob-kitob amalga oshirilganda xaridorga fiskal chek berish majburiy hisoblanadi. Shuningdek, plastik karta orqali to‘lovni rad etish, karta orqali to‘lov uchun alohida ustama haq belgilash, chek bermaslik, qonunchilik talablarini buzish hisoblanadi va belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.
So‘nggi yillarda mamlakatda soliq ma’murchiligini raqamlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Elektron hisobvaraq-fakturalar, onlayn nazorat-kassa mashinalari, elektron cheklar, QR-kodli to‘lovlar hamda «Soliq» mobil ilovasi ana shu tizimning muhim bo‘g‘iniga aylandi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA