Soliq qarzi va muammoli kreditlarni undirishda yangicha yondashuv joriy etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini raqamlashtirish va samaradorligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, soliq qarzi va muammoli kreditlarni undirishda quyidagilarni nazarda tutuvchi yangicha yondashuv joriy etiladi:
a) ijro hujjatlari bo‘yicha mol-mulkni undiruvchi tomonidan rasmiylashtirilgan protsessual hujjatlar asosida davlat ijrochisining qarori bilan elektron onlayn auksion savdolari orqali realizatsiya qilish imkoni yaratiladi;
b) yuridik shaxslarning mol-mulklarini xatlash, ko‘zdan kechirish bilan bog‘liq protsessual hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari:
soliq organining soliq qarzini undirishga oid ijro hujjatlari bo‘yicha - soliq organining mansabdor shaxsi tomonidan;
garov bilan ta’minlangan majburiyatlarni bajarish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari bo‘yicha davlat ijrochisining topshirig‘iga asosan tijorat bankining vakolatli shaxsi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda davlat ijrochilarining mol-mulklarni xatlash va ko‘zdan kechirish bilan bog‘liq huquqlari saqlab qolinadi;
v) ijro hujjatlari bo‘yicha savdolarni tashkil etish bilan bog‘liq hujjatlar (garov hujjatlari, xatlov, ko‘zdan kechirish dalolatnomalari, auksion savdo natijalari hamda undiruvchiga topshirilgan mol-mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar va boshqa hujjatlar) elektron platformalar orqali yuboriladi;
g) soliq organining mansabdor shaxsi yoki tijorat bankining vakolatli shaxsi tomonidan amalga oshirilgan xatlash va ko‘zdan kechirish dalolatnomalariga asosan realizatsiya qilingan yoki taklif etilgan mol-mulklarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xatarlar rasmiylashtiruvchi idoralar zimmasida qoldiriladi.
Farmonga ko‘ra:
a) ayrim toifadagi ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdor vafot etganda, u vafot etgan deb e’lon qilinganda yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganda unga nisbatan yuritilgan ijro ishlarini davlat ijrochisining qarori bilan tugatish amaliyoti joriy qilinadi;
b) qonunda nazarda tutilgan ayrim toifadagi ijro hujjatlari majburiy ijroga taqdim etilguniga qadar tegishli davlat organiga, tashkilotga yoki uning mansabdor shaxsiga topshirish undiruvchining huquqi sifatida belgilanadi va ushbu ijro hujjatlari toifasiga undiruvni undiruvchi-yuridik shaxslar tomonidan qarzdor-jismoniy shaxsning ish haqi va boshqa daromadlariga qaratishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari kiritiladi. Shuningdek, qarzdor yuridik shaxslarning xatlangan hisob raqamlariga kelib tushayotgan mablag‘lardan ish haqi va kommunal to‘lovlar uchun foydalanishga ruxsat berish tizimi joriy qilinadi.
2026-yil 1-maydan boshlab aliment to‘lovlarini undirish tizimi samaradorligini oshirish maqsadida aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda qarzdorlik to‘liq bartaraf etilguniga qadar alohida yirik bitimlarni amalga oshirish, ayrim turdagi moliya-kredit va davlat xizmatlaridan foydalanishni cheklash tartibi joriy etiladi.
2026-yil 1-iyulga qadar ijro ishlari doirasida fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan kommunal to‘lovlar bo‘yicha elektron ma’lumot almashinuvi "Raqamli hukumat" tizimi orqali yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zA