Soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik takomillashtiriladi
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni takomillashtirish hamda valyuta munosabatlarini yanada liberallashtirishga qaratilgan qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
“Soliq ma’muriyatchiligi takomillashtirilishi, shuningdek soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik va valyutani tartibga solish liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunning asosiy maqsadi va mazmun-mohiyati, uning amaliyotga joriy etilishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Qonun bilan repatriatsiya qilinmagan aktivlar uchun jarima qo‘llash tartibini soddalashtirish, ixtiyoriy ravishda to‘langan jarimalarni qisman qaytarish mexanizmlarini joriy etish, ayrim ma’muriy javobgarlik choralarini bekor qilish, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari bo‘yicha soliq ma’muriyatchiligini markazlashtirish, shuningdek, ayrim sanoat parklari va zonalari uchun vaqtinchalik soliq imtiyozlarini belgilash nazarda tutilmoqda.

Muhokama davomida qonunning amaldagi qonunchilik bilan uyg‘unligi, belgilanayotgan normalarning tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga ta’siri hamda ularni amaliyotda qo‘llash mexanizmlariga alohida e’tibor qaratildi.
Majlis yakunida qonun yuzasidan qo‘mita a’zolarining fikr va takliflari umumlashtirilib, tegishli qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA