Soliq imtiyozlari — taraqqiyot omili
Joriy yilning birinchi choragida Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan 38 ta korxona uchun QQSning 0 foiz stavkasi qo‘llanilishi natijasida 20 milliard so‘m mablag‘ ularning o‘z hisobida saqlanib qoldi. Bu esa tadbirkorlarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlab, ishlab chiqarishni kengaytirish, eksport hajmini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini bermoqda.
– Yurtimizda QQSning 0 foiz stavkada qo‘llanilishi nafaqat korxonalarning moliyaviy yukini yengillashtirdi, balki ularning aylanma mablag‘larini ko‘paytirish orqali ishlab chiqarish faolligini oshirdi. Eng muhimi, bugun tadbirkor o‘z faoliyatini erkin va shaffof yuritishga intilmoqda. Natijada eksport hajmi oshib, ichki bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ko‘paymoqda. O‘z hisobida qolgan mablag‘lar esa yangi ish o‘rinlari yaratish, investitsiyalarni jalb qilish va aholi farovonligini oshirishga yo‘naltirilmoqda, – deydi Sirdaryo viloyat soliq boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Ilg‘or Xalilov.

So‘nggi yillarda soliq organlari faoliyatida “tekshiruv emas, ko‘mak” tamoyili ustuvor ahamiyat kasb etib, tadbirkorlar bilan munosabatlarda ochiqlik va ishonchga asoslangan yangi tizim shakllandi. Shu bois Sirdaryo viloyat soliq boshqarmasi tomonidan tadbirkorlarning muammolarini joyiga chiqib o‘rganish, amaliy yordam ko‘rsatish va qonunchilikdagi yangiliklarni tushuntirish ishlari izchil olib borilmoqda.
– Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025-yil 4-sentabrda imzolangan “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatida soliq yukini kamaytirish va sohada shaffoflikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uchun katta imkoniyat yaratdi, – deydi Ilg‘or Xalilov. – Chunki ushbu farmon asosida QQSning 0 foiz stavkasi joriy etildi. Bu esa rasmiy tovar aylanmasini oshirish, “yashirin iqtisodiyot” ulushini qisqartirish hamda ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Misol uchun, Sardoba tumanidagi “ZM Bobur” qo‘shma korxonasi ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan korxonalardan biri hisoblanadi. Parrandachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan mazkur korxonada 100 nafardan ortiq mahalliy aholi doimiy ish bilan ta’minlangan. Korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning asosiy qismi eksportga yo‘naltirilib, hududning tashqi bozorlardagi salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
QQS imtiyozlari tufayli korxona ixtiyorida saqlanib qolayotgan mablag‘lar ishlab chiqarishni kengaytirish, zamonaviy uskunalar xarid qilish va yangi ish o‘rinlari yaratishga yo‘naltirilmoqda. Bu esa tadbirkorlik sub’ektlarining raqobatbardoshligini yanada oshirmoqda.

Umuman olganda, Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, ayniqsa, soliq sohasidagi yangiliklar tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilab, barqaror iqtisodiy o‘sish uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Viloyat tobora zamonaviy iqtisodiyot markaziga aylanib bormoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri