Soliq imtiyozlari ko‘lami kengaymoqda
Yurtimizda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida soliq yukini yengillatish va bu orqali soliq bazasini kengaytirish hisobidan byudjetga tushumlarni oshirish siyosati yuritilmoqda.
Soliq tizimi tubdan isloh qilinib, soliq organi tadbirkorlarni jazolovchi emas, balki “Soliq xizmati – insofli soliq to‘lovchilarning ishonchli hamkori” shiori asosida ish olib borilmoqda. Murakkab soliq ma’muriyatchiligi ham soddalashdi.
Birgina qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasining 15 foizdan 12 foizga tushirilishi hisobidan qo‘shilgan qiymat solig‘i zanjiri ishtirokchilari soni viloyatda joriy yil boshiga nisbatan qariyb ikki mingtaga oshib, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar soni 16 mingtaga yetdi.
Ikkinchidan, manfiy qoldiq hisobidan yuzaga kelgan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha ortiqcha to‘lovlarni qaytarish muddati qisqartirilib, o‘tgan bir yil ichida – 2022 yil 1 noyabrdan 2023 yil 1 noyabrga qadar viloyat bo‘yicha qariyb yarim trillion so‘m (503,7 mlrd.so‘m) korxonalar hisob raqamiga qaytarib berildi.
Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasida tadbirkorlar ishtirokida o‘tgan seminarda aynan shu kabi masalalarga to‘xtalib o‘tildi.Unda soliq qonunchiligidagi eng so‘nggi yangiliklar, o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar berildi.
Seminarda ta’kidlandiki, yurtimizda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida soliq stavkalari bosqichma-bosqich pasaytirib borilmoqda.
– Soliq idoralari tadbirkorlarga qanchalik yaqin bo‘lsa, ularni qiynayotgan muammolarini yaqindan o‘rganishga imkoniyat yaratiladi. Bugun o‘tkazilayotgan seminar soliq to‘lovchilarga qonunchilikdagi yangiliklar haqida ma’lumot berish bilan birga, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganish va unga yechim topishdan iboratdir, – deydi Qashqadaryo viloyati Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Mirobid Ziyotov. – Albatta, bu kelgusida o‘zining ijobiy natijasini bermay qolmaydi.
[gallery-14606]
Shuningdek, seminarda import tovarlarni bojxona hududida qayta ishlashga qator imtiyoz va prefrensiyalar berilganligi ham aytib o‘tildi. Jumladan, Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni qayta ishlash bo‘yicha xizmatlarga qayta ishlash mahsulotlarini O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududidan tashqariga olib chiqish sharti bilan nol stavka bo‘yicha soliq solinadi.
Seminarda soliq to‘lovchilarni qiziqtirgan barcha savollarga javoblar qaytarildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari