Inson jismonan baquvvat, ruhan tetik bo‘lishi uchun sog‘lom turmush tarziga amal qilishi lozim. Hozirgi vaqtda butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda ham sog‘lom ovqatlanish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lida fuqarolarni sog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va ularning bu boradagi bilimini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, inson sog‘lig‘ining 60 foizi sog‘lom turmush tarziga amal qilishga bog‘liq ekan. Sog‘lom turmush tarzining asosiy tamoyillaridan biri esa to‘g‘ri ovqatlanish hisoblanadi.
Salomatlikni mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi asosiy oziq moddalariga oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, vitaminlar va mineral tuzlar kiradi. Mutaxassislar tavsiyasiga muvofiq, quvvat qiymati 10-15 foiz oqsillar, 30-35 foiz yog‘lar, 50 foiz uglevodlar tomonidan ta’minlanishi kerak. Agar iste’mol qilayotgan ovqatimizda yog‘ va moylar ortiqcha bo‘lsa, qon-tomirlar aterosklerozga, oqibatda esa turli yurak va qon-tomir kasalliklariga olib keladi. Un va qand mahsulotlarini me’yordan oshiqcha iste’mol qilish esa qand kasalligi, artrit, qabziyat va saraton kasalliklarini keltirib chiqaradi. Go‘sht mahsulotlarini ortiqcha iste’mol qilish esa qonda azot birikmalari konsentratsiyasini oshishiga, oqibatda podagra kasalligi va buyrak kasalliklariga sabab bo‘ladi. Ovqatlar tarkibida mineral tuzlar, mikroelementlar va vitaminlarning yetishmasligi badanda modda almashuvining buzilishi bilan bog‘liq kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Shu o‘rinda sog‘lom turmush tarziga qat’iy amal qilgan inson uzoq va baxtli hayot kechirishini eslatib o‘tamiz.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik
va jamoat salomatligi xizmatining
jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.
O‘zA