Sog‘lom hayot ichaklardan boshlanadi: mikroflorani tiklash yo‘llari va davlat g‘amxo‘rligi
Tibbiy madaniyat
Inson ichaklaridagi mikroflora o‘ylaganimizdek, birgina hazm qilish jarayonida ishtirok etmaydi. Bu – kuchli immunitetimiz qo‘rg‘oni. Gastroenterologiya sohasidagi xalqaro ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, insondagi surunkali xastaliklarning salmoqli qismi bevosita ichakdagi mikrofloraning izdan chiqishi bilan bog‘liq. Foydali bakteriyalar yoki tushunarliroq qilib aytganda, probiotiklar ichak devorlarini zich yopib, zararli mikroflora va zaharli moddalarning qonga o‘tishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Lekin tezkor hayot tarzi, doimiy stress, fast-fudlar yoki yarim tayyor mahsulotlar va shifokor ko‘rsatmasisiz palapartish ichiladigan antibiotik dorilar ana shu himoya qalqonini yemirib boradi. JSSTning so‘nggi hisobotlariga ko‘ra, noto‘g‘ri ovqatlanish tufayli kelib chiqadigan ichak disbalansi butun dunyo bo‘ylab allergik, autoimmun, hatto yurak-qon tomir kasalliklarining keskin ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.
Shifokor-gastroenterolog Bekzod Odilovning so‘zlariga ko‘ra, bemorlar ko‘pincha muvozanat butunlay yo‘qolib, og‘ir ahvolga tushgandagina tibbiy ko‘rikka keladi. Ularning aksariyati ichaklar faoliyati haqida tushunchaga ham ega bo‘lmaydi va ichaklar salomatligiga umuman e’tibor qaratmaydi.
– Holbuki, ichak — bizning ikkinchi miyamiz. Organizmdagi serotonin – baxt gormonining salmoqli qismi aynan ichaklarda ishlab chiqariladi. Agar ichaklar doimiy stress va noto‘g‘ri ovqatdan azob chekayotgan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan surunkali charchoq, depressiya va immunitet pasayishi ham kuzatiladi. Ichaklar sog‘lom bo‘lishi uchun har xil probiotiklar qabul qilish emas, avvalo, nima yeb-ichayotganimizga e’tibor qaratishimiz kerak, – deydi mutaxassis.

Ilmiy tadqiqotlarda keltirilishicha, ayrim kundalik odatlar va ratsiondagi sun’iy mahsulotlar ichakning foydali mikroflorasini ayovsiz qirib tashlaydi. Xususan, tozalangan shakar va shirinliklar zararli bakteriyalar va zamburug‘lar (xususan, kandida kabi patogenlar) uchun eng sevimli oziqa bo‘lib, ular ko‘p iste’mol qilinganda yomon mikroflora jadal ko‘payib, foydali bakteriyalarni siqib chiqaradi. Fast-fud va transyog‘lar, qahvaxonalardagi tez tayyorlanadigan ovqatlar, margarin va konservantlarga boy mahsulotlar ichak devorlarining o‘tkazuvchanligini buzadi, organizmda yallig‘lanish jarayonlarini kuchaytiradi. Yangi sabzavotlar, ko‘katlar va donli mahsulotlar iste’molining kamayib ketishi kletchatkaning keskin yetishmasligiga va foydali bakteriyalarning nobud bo‘lishiga olib keladi. Shuningdek, antibiotik qabul qilinganda ichakdagi barcha foydali tirik mikroorganizmlar ham nobud bo‘ladi. Ayniqsa, surunkali stress va uyqusizlik ichaklardagi qon aylanishini yomonlashtirib, mikroflora muvozanatini bir zumda buzadi.
– Qabulimga keladigan ko‘p bemorlar qorni og‘riyotgani, doim dam bo‘lishidan shikoyat qilishadi, – deydi B.Odilov. – So‘rab surishtirsam, kechki payt “chips” yeb, “gazirovka” ichgan bo‘ladi, ko‘p asabiylashadi, va doimiy shoshib yuradi. Bunday nosog‘lom turmush tarzi, albatta, ichaklar faoliyatiga salbiy ta’sir qilmay qolmaydi. Hattoki, ko‘plab autoimmun, teri va allergik kasalliklarning ildizi aynan noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida ichak faoliyatining buzilishiga borib taqaladi.
Mutaxassislar tavsiyalariga ko‘ra, organizmdagi foydali bakteriyalar zaxirasini to‘ldirish va buzilgan muvozanatni tabiiy ravishda tiklash uchun kundalik ratsionga maxsus mahsulotlarni muntazam kiritib borish talab etiladi. Jumladan, qatiq va tabiiy yogurt bu borada tabiiy probiotiklarning eng asosiy va klassik manbai hisoblanadi, chunki ularning tarkibidagi tirik bakteriyalar oshqozonning kislotali muhitidan o‘tib, ichak mikroflorasini boyitishga va mustahkamlashga xizmat qiladi. Uyda tayyorlangan karam tuzlamasi yoki boshqa tabiiy fermentlangan sabzavotlar esa fermentatsiya jarayonida katta miqdordagi foydali mikroorganizmlarni hosil qilib, ichakning motorikasini yaxshilaydi va hazm qilishni yengillashtiradi. Shuningdek, kefir va boshqa fermentlangan sut mahsulotlari ham turli mikroorganizmlar kompleksini o‘z ichiga olib, oshqozon-ichak traktini tinchlantiradi.

Lekin bir narsani hech qachon unutmaslik kerak: ichakka faqat probiotiklarni (ya’ni tayyor bakteriyalarni) kiritib qo‘yishning o‘zi yetarli emas. Ular ichakda yashab qolishi va ko‘payishi uchun ularga muayyan oziqa zarur bo‘lib, bu vazifani prebiotiklar — foydali tolalar bajaradi. Shu sababli mutaxassislar kundalik ovqatlanish ratsioniga piyoz va sarimsoq kabi tabiiy antiseptik xususiyatga ega mahsulotlarni qo‘shishni tavsiya qiladi. Bundan tashqari, ichak faoliyatini yaxshilovchi kimyoviy birikmalarga boy dukkaklilar va suli, qolaversa, banan hamda turli yangi sabzavotlar mikrobiota uchun eng yaxshi quvvat manbai sifatida xizmat qiladi.
Shifokorning tushuntirishicha, misol uchun, bu xuddi quruq yerga urug‘ sepib, umuman sug‘ormaganga o‘xshaydi. Bakteriyalar sun’iy ravishda kiritiladi-yu, lekin ularga kletchatka, ya’ni sevimli oziqasi berilmasa, ular baribir nobud bo‘ladi. Ratsionda ko‘kat, sabzavot, meva ko‘p bo‘lsagina ichaklar ham, immunitet ham mustahkam bo‘ladi.
Darhaqiqat, har qanday qimmatbaho dori yoki qat’iy parhez ham, agar inson sog‘lom turmush tarziga rioya qilmasa, kutilgan natijani bermaydi. Shu munosabat bilan, tibbiyot va JSST tavsiyalariga asoslanib, ichak salomatligini hamda mustahkam immunitetni ta’minlash uchun uchta muhim qoidaga rioya qilish talab etiladi. Birinchidan, to‘g‘ri va muvozanatlashgan ovqatlanish madaniyati ratsionning rang-barangligi, tabiiyligi va har xil kimyoviy qo‘shimchalardan xoliligini ta’minlaydi. Ikkinchidan, yetarli jismoniy harakat faol hayot tarzi orqali qon aylanishini yaxshilab, ichki a’zolar, jumladan, ichaklarning ham normal peristaltikasi va faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi. Uchinchidan esa me’yoridagi uyqu tungi dam olish jarayonlarida organizmni, xususan, asab tizimi va mikrobiota muvozanatini tiklash uchun beqiyos ahamiyatga ega.

Xulosa qilib aytganda, ichak salomatligiga o‘z vaqtida e’tibor berish, nafaqat oshqozon-ichak traktidagi vaqtinchalik muammolarning oldini olish, balki butun organizm immuniteti, go‘zalligi va uzoq umr ko‘rishining mustahkam poydevorini qurish demakdir. Kundalik oddiy to‘g‘ri tanlovlar va sog‘lom turmush tarzi har bir insonning sog‘-salomat va bardam yashashini kafolatlaydi. Zero, insonga bir marta berilgan umrni mazmunli va maroqli o‘tkazish, avvalo, salomatlikka bog‘liq.
Shu bois, mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining o‘rtacha umr ko‘rish yoshini oshirish va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish ustuvor vazifaga aylangan. Prezidentimizning 2020-yil 30-oktabrdagi «Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni hamda 2020-yilning 10-noyabrda qabul qilingan «Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida aynan ushbu masalalarga alohida e’tibor qaratilgan. Unga ko‘ra, aholi o‘rtasida to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini shakllantirish, oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini yaxshilash hamda iste’molda tuz, shakar va yog‘ miqdorini kamaytirish kabi muhim vazifalar belgilangan bo‘lib, bularning barchasi bevosita har bir insonning sog‘lom va uzoq umr ko‘rishiga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA