Raqamli kasblar xotin-qizlarga qanday imkoniyatlar ochmoqda?
Bugun mehnat bozorida qaysi kasblarga talab yuqori?
Raqamli texnologiyalar sohasida ayollar uchun qanday yangi imkoniyatlar ochilmoqda? Qizlar zamonaviy kasblarni egallashi uchun yana nimalarga e’tibor qaratish kerak?
Bu masalalar Toshkentda Osiyo taraqqiyot banki tomonidan O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash va xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan davra suhbatida muhokama qilindi.

Tadbirda O‘zbekiston bo‘yicha Mamlakat gender baholovi natijalari taqdim etildi. Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki tomonidan ishlab chiqilayotgan Gender tengligi va xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish siyosati loyihasi muhokama qilindi.
Davra suhbatini Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya ochib berdi. U bank O‘zbekistonda gender tengligi, xotin-qizlarning iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlarini kengaytirish hamda inklyuziv rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratayotganini ta’kidladi.

Uchrashuvda vazirlik va idoralarning gender tengligi masalalari bo‘yicha maslahatchilari, Gender tengligi bo‘yicha kengash a’zolari hamda shu yo‘nalishga mas’ul mutaxassislar ishtirok etdi. Jumladan, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Elmira Bositxonova va Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova ham tadbirda qatnashdi.
Kamola Sobirova o‘z nutqida raqamli transformatsiya jarayonida jinsidan qat’i nazar, har bir fuqaro zamonaviy raqamli ko‘nikmalarga ega bo‘lishi va elektron xizmatlardan to‘liq foydalana olishi muhimligini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, bugun mehnat bozorida yangi ish o‘rinlarini yaratayotgan axborot texnologiyalari kompaniyalariga zamonaviy bilim va kasbiy ko‘nikmalarga ega mutaxassislarga talab tobora ortib bormoqda. Texnologik kasblarda esa insonning jinsi emas, bilimi, salohiyati va kasbiy mahorati muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu nuqtai nazardan qizlarni zamonaviy va talab yuqori bo‘lgan kasblarga jalb etish, ularning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, munosib daromad topishi va mehnat bozorida o‘z o‘rnini egallashi uchun sharoit yaratish muhim vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Muhokamalar davomida O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlashning bugungi holati, xotin-qizlarning iqtisodiyot va mehnat bozoridagi ishtirokini kengaytirish, ularni zamonaviy kasblarga jalb qilish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar orqali xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, ularning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda yuqori daromadli kasblarga kirib borishi uchun zarur sharoitlarni kengaytirish bo‘yicha fikr almashildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA