Sirdaryoda hunarmandchilik rivojlanmoqda
Amaliy bezak san’ati turlari orasida qadimiy bo‘lgan kashtachilik bilan shug‘ullanayotgan hunarmandlar soni Qashqadaryo, Surxondaryo, Nurota, Buxoro, Samarqand, Farg‘ona viloyatlarida bo‘lgani kabi Sirdaryoda ham ortib boryapti.
Sirdaryolik hunarmandlar tomonidan tayyorlanayotgan so‘zana, nim so‘zana, oy palak, zardevor, qo‘roq yostiq, qo‘roq ko‘rpa, joypo‘sh, gulko‘rpa, choyshab, joynamoz, oyna xalta, ko‘ylak, do‘ppi, nimcha, peshonaband, kamar, belbog‘, jiyaklar boshqa hudud hunarmandlari tomonidan tikilgan va tayyorlangan amaliy bezak san’ati turlaridan tubdan farq qilgani bois, ushbu turdagi mahsulotlar nafaqat viloyatlar, respublika miqyosida o‘tkazilayotgan tadbir va ko‘rgazmalarda yuqori baholarni olmoqda.
Asli gulistonlik Nargiza Marasulova hunarmandchilikning kashtachilik turi bilan shug‘ullanayotganiga uncha ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, u yaratayotgan kashtachilik san’ati asarlari Respublika va xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan nufuzli tanlovlarda yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.
U 2019 yilda Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan "Xalqaro hunarmandlar festivali"da "Eng tajribali hunarmand" nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘lgandi.
–Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan "Xalqaro hunarmandlar festivali" kuni kecha bo‘lgandek hali- hamon esimda. O‘sha vaqtdagi hayajonimni aytmaysizmi, qo‘lda tikilgan bir-biridan chiroyli, bir-biridan nafis kashtalar orasida men va shogirdlarim tomonidan tikilgan va tayyorlagan san’at asarlarimiz nufuzli o‘ringa munosib ko‘riladi, deya hech o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Shu- shu bo‘ldiyu kashtachilik sohasiga shunchaki havas emas, astoydil qiziqish bilan qarab, uni rivojlantirish, Guliston shahrida "Nargiza" kashtachilik maktabini yaratish ustida ishlayapman. Shunga yarasha shogirdlarim bor. Ular ham kashtachilik orqasidan turli tanlov, ko‘rgazmalarda ishtirok etishyapti. Muhimi, oilasiga daromad keltiryapti.
[gallery-20104]
Bugungi kunda nafaqat Nargiza Marasulova, u singari kashtachilik orqasidan ro‘zg‘or tebratayotgan sirdaryolik xotin-qizlar tomonidan ip, jun, ipak, zar va kumush suvi berilgan iplardan tikilgan amaliy san’at asarlari Fransiya, Italiya, Yaponiya, Germaniya, Belgiya, Amerika, Hindiston, Xitoy kabi davlatlarning amaliy san’at muzeylaridan joy olayotganining o‘zi katta yutuq.
Sirdaryolik kashtachilar tomonidan yo‘rma choki orqali tikilayotgan kashtalar tikish uslubi bilan ko‘proq Zomin, Baxmal, Chiroqchi, Samarqand kashtado‘zlarinikiga o‘xshab ketadi. Shahrisabzlik xotin-qizlar tomonidan kashtalar yo‘rma, kandaxayol, iroqi uslubda tikilsa, Toshkentda ko‘proq bosma chok bilan tikiladi.
–Sirdaryoda nafaqat kashtachilik, gilamchilik, beshikchilik, o‘ymakorlik, naqqoshlik, temirchilik, pichoqchilik kabi hunarmandchilik turlari rivojlanyapti,–deydi Sirdaryo hunarmandlar uyushmasi raisi Muzaffar Rahmatov.– Davlatimiz rahbarining 2017 yil 17 noyabrdagi "Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni hamda 2019 yil 28 noyabrdagi "Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori asosida hunarmandlarga qator imtiyozlar va preferensiyalar berildi. Bu esa hunarmandlar sonining ortishiga, ular yaratayotgan hunarmandchilik mahsuloti turlarining ko‘payishiga turtki beryapti. Misol uchun aytadigan bo‘lsam, davlatimiz rahbarining mazkur qarori qabul qilingunga qadar a’zolarimiz soni 172 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda ular soni 600 nafardan, "Usta-shogird" maktabi an’analari asosida tayyorlangan shogirdlar soni 2097 nafardan oshib ketdi.
Bugungi kunda Sirdaryoda kashtachilik singari miniatyura, rang tasvir, naqqoshlik va bo‘yoqli naqshlar yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotganlar ham ko‘p. Gulistonlik hunarmand O‘ktam Shodmonqulov yaratayotgan qovoq-kadi, miniatyura, rang tasvir, naqqoshlik va bo‘yoqli naqshlar mana bir necha yildirki, yirik xalqaro anjumanlarda e’tirof etilmoqda.
–Chetdan birorta ham xomashyo olmaymiz, qovoq-kadilarni tomorqamizda yetishtiramiz,– deydi hunarmand, "Shuhrat" medali sohibi O‘ktam Shodmonqulov.– Ularni yetishtirish ko‘p mehnat talab etmaydi. Faqat o‘sayotgan vaqtida shakl bersak, shunda ular qolipga tushadi. Buning uchun gips va yog‘ochlardan foydalanamiz. Biz istagan shaklda bo‘lishga xalaqit beradigan qismini o‘sayotgan davrida olib tashlaymiz. Eng muhimi, bu ishimiz ko‘pchilikka manzur bo‘lganligi bois, Pekinda, Qozon va bir qancha davlatlarda ko‘rgazmalar o‘tkazdik.
O‘ktam Shodmonqulovning shogirdi Temur Mamatqulov xalqaro hunarmandlar festivalida "Miniatyura, rangtasvir, naqqoshlik va bo‘yoqli naqshlar" yo‘nalishida "Eng yosh hunarmand" nominatsiyasini qo‘lga kiritdi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Muhimi, sirdaryolik hunarmandlar qaysi sohada shug‘ullanmasin, shu sohaning rivojlanishiga, o‘zlaridan munosib izdoshlar qoldirishga harakat qilyapti. Bu esa, o‘z navbatida, aholining daromadi, viloyatning esa hunarmandchilik yo‘nalishidagi nufuzi oshishiga hissa qo‘shyapti.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri