Sibi Jorj: O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida savdo hajmini 2030-yilgacha besh milliard dollarga yetkazish maqsad qilindi
Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi 29–30-avgust kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot brifingida Hindiston Tashqi ishlar vazirligining G‘arb yo‘nalishi bo‘yicha kotibi Sibi Jorj erishilgan kelishuvlar va ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi:
– So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik izchil rivojlanib, siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar tobora mustahkamlanib bormoqda. O‘zaro ishonch va manfaatdorlikka asoslangan munosabatlar yangi mazmun bilan boyib, tomonlarni strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirishga undamoqda.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ishtirokida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi o‘tkazildi. Unga ko‘ra, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, raqamli to‘lov tizimlarini integratsiya qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish, ta’lim, ilm-fan, madaniyat, an’anaviy tibbiyot, tog‘-kon sanoati va qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar jadal rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Tomonlar sheriklikka strategik yo‘nalish berish va uning ijrosini muvofiqlashtirish maqsadida Tashqi ishlar vazirlari darajasida maxsus mexanizm tashkil etishga kelishib oldilar.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish tashrifning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Ayni paytda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi qariyb bir milliard dollarni tashkil etayotgan bo‘lsa, uni 2030-yilga qadar besh milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilandi.
Biz savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta imkoniyatlarga egamiz. Tomonlar o‘zaro savdo hajmini oshirish, yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirish va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirishdan manfaatdor.
Bu maqsadga erishishda savdodagi mavjud to‘siqlarni kamaytirish, banklar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan, yaqinda Hindistonning NPCI International Payments Limited (NIPL), NPCI va O‘zbekistonning HUMO to‘lov tizimi o‘rtasida imzolangan kelishuv alohida ahamiyatga ega. Mazkur kelishuv ikki mamlakatning raqamli to‘lov tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Kelishuvni kelgusi bir yil davomida amaliyotga joriy etish rejalashtirilgan. Buning natijasida Hindiston fuqarolari O‘zbekistonda o‘z mamlakatida foydalanadigan UPI tizimiga ulangan mobil ilovalar orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Raqamli transformatsiya sohasidagi hamkorlik doirasida sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilma yo‘nalishlariga ham e’tibor qaratiladi.
Tashrif doirasida geologiya va mineral resurslar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumi ham imzolandi. Hujjat muhim minerallar, jumladan, uran ta’minoti sohasida hamkorlikni kengaytirish uchun asos yaratadi.
Uran yetkazib berishning uzoq muddatli mexanizmini shakllantirish bo‘yicha muzokaralarda sezilarli natijalarga erishdik. Tomonlar tegishli kelishuvni yaqin vaqt ichida imzolashga tobora yaqinlashmoqda. Bu Hindiston ishbilarmon doiralarining O‘zbekiston bilan mazkur sohada hamkorlikni rivojlantirishga qiziqishi yuqori ekanini ko‘rsatdi.
Qishloq xo‘jaligida ham urug‘chilik, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari va bog‘dorchilik kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilmoqda. Qishloq xo‘jaligida urug‘ yetishtirish, tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish va bog‘dorchilikni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqyapmiz. Bu borada Hindiston Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari kengashi (ICAR) hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bilan hamkorlik qilyapmiz.
Ikki davlat rahbarlarining muzokaralari davomida atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonning “Yashil makon” umummilliy tashabbusi bilan Hindistonning “Ona uchun daraxt ek” tashabbusi o‘rtasidagi o‘xshash va mushtarak jihatlar qayd etildi.
Shu munosabat bilan Bosh vazir Narendra Modi Orol dengizi hududini tiklash va ekologik holatini yaxshilashga qaratilgan ishlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Hindiston hukumati tomonidan 1 million AQSH dollari miqdorida grant ajratilishini e’lon qildi.
Madaniy-gumanitar sohada ham qator muhim tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Hindiston Madaniy aloqalar kengashining (ICCR) sanskrit tili bo‘yicha kafedrasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Termizdagi Fayoztepa va Qoratepa buddaviylik meros ob’ektlarini konservatsiya va restavratsiya qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha niyatlar bayonnomasi almashildi.
Ta’lim, madaniyat, atrof-muhitni muhofaza qilish va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan bunday tashabbuslar Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni yanada boyitadi.
Umuman olganda, tashrif ikki mamlakat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim asos bo‘ldi. Har tomonlama strategik sheriklikning o‘rnatilishi hamda savdo-iqtisodiy, geologiya va mineral resurslar, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar va madaniy-gumanitar sohalarda erishilgan kelishuvlar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA