Shomurodov Superligadagi 4-golini urdi, "Bashakshehir" esa "Galatasaroy"ga yutqazdi
O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov mazkur bahsda o‘zining chempionatdagi navbatdagi golini urdi.
Turkiya Superligasining 4-turida "Bashakshehir" o‘z maydonida "Galatasaroy"ni qabul qildi. Beshta gol urilgan uchrashuvda mehmonlar 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov mazkur bahsda o‘zining chempionatdagi navbatdagi golini urdi. 66-daqiqada Abbosbek Fayzullayev raqib jarima maydonida penalti ishlab berdi. 11 metrlik zarbani Shomurodov aniq amalga oshirib, hisobni tenglashtirdi.
Bu Eldorning Superligadagi joriy mavsumda urgan 4-goli bo‘ldi. Hujumchi uchrashuvni asosiy tarkibda boshlab, to‘liq 90 daqiqa harakat qildi. Fayzullayev esa 74-daqiqada almashtirildi.
79-daqiqada "Bashakshehir" futbolchilaridan biri maydondan chetlatildi va mezbonlar qolgan vaqtni bir kishi kam bo‘lib o‘tkazdi. Uchrashuv taqdiri so‘nggi daqiqalarda hal bo‘ldi — "Galatasaroy" vakili Gabriel Sara 90-daqiqada jamoasiga g‘alaba keltirgan golni urdi.
Ushbu natijadan so‘ng "Bashakshehir" 4 ochko bilan turnir jadvalida 9-o‘rinni egallab turibdi. "Galatasaroy" esa 10 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.
Turkiya Superligasi, 4-tur
"Bashakshehir" — "Galatasaroy" — 2:3
Gollar: Shomurodov, 66 (penalti), Sanchez, 76 (avtogol) — Osimhen, 16, Torreyra, 71, Sara, 90.