Shirinda oilaviy muammolarga yangi yechimlar izlandi
Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ajrimlar sonini kamaytirish hamda nizoli oilalar bilan ishlashda zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari –Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Umida Abdullayeva, Sirdaryo viloyat hokimining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Tojiboyeva, Shirin shahar hokimi Dilfuza Qambarova hamda viloyat prokurorining o‘rinbosari Nasiba Begimova ishtirok etdi.


Seminar davomida xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklar kelib chiqishining ijtimoiy va psixologik omillari atroflicha tahlil qilinib, ularni barvaqt aniqlash va samarali profilaktika qilish choralarini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ajrim yoqasiga kelib qolgan va nizoli holatlar kuzatilayotgan oilalar bilan ishlashda individual yondashuv, mediatsiya, psixologik va ijtimoiy xizmatlardan keng foydalanish zarurligi alohida ta’kidlandi.


Tadbir doirasida ajrim yoqasida turgan hamda oilaviy nizolar yuzaga kelgan oilalar muammolarini o‘rganishga qaratilgan sayyor qabul ham tashkil etildi. Qabul davomida fuqarolarning murojaatlari tinglanib, har bir holatning sabablari tahlil qilindi va ularni hal etish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga aniq vazifalar yuklatildi.

Muloqotlar jarayonida oilalardagi ijtimoiy-iqtisodiy sharoit, maishiy muammolar hamda farzand tarbiyasiga oid masalalar batafsil ko‘rib chiqilib, manzilli yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy choralar belgilab olindi. Shu bilan birga, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash va ajrimlarning oldini olishga qaratilgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir yakunida mutasaddi idoralar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, joylarda aniqlangan muammolarni manzilli hal etish hamda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilandi.

Shuningdek, Zulayho Mahkamova Shirin shahridagi iqtidorli qizlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda yoshlarning bilim va salohiyatini rivojlantirish, ta’lim va kasb-hunar egallash imkoniyatlarini kengaytirish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda iqtidorli yoshlar o‘z yutuqlari va kelajak rejalari bilan o‘rtoqlashdilar. Mas’ullar tomonidan ularning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanib, ta’lim va kasbiy rivojlanish yo‘nalishida zarur tavsiyalar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri