Oilani asraş — ajrimdan keyin emas, muammodan oldin boşlanadi
Oilaviy ajrimlarning oldini oliş faqat biror idora yoki taşkilotning vazifasi emas. Bu — mahalladan tortib taʼlim muassasalari, huquqni muhofaza qiluvçi organlar va soğliqni saqlaş tizimigaça bölgan barça tuzilmalarning hamjihatlikdagi masʼuliyatini talab etadigan dolzarb masala. Zero, gap faqat parçalaniş yoqasiga kelgan oilani saqlab qoliş haqida emas, balki uning mustahkam poydevorini yaratiş, muammolarni öz vaqtida aniqlaş va bartaraf etiş haqida bormoqda. Bu esa bugungi kunning eng oğriqli va dolzarb masalalaridan biridir.
Ana şu zaruratdan kelib çiqib, Guliston şahridagi Hunarmandlar maskanida Sirdaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boşqarmasi taşabbusi bilan oilalarni mustahkamlaş, oilaviy ajrimlarning oldini oliş, milliy qadriyatlarni tarğib etiş hamda idoralararo hamkorlikni kuçaytiriş masalalariga bağişlangan kengaytirilgan yiğiliş bölib ötdi.
Unda viloyat hokimining örinbosari — Oila va xotin-qizlar boşqarmasi boşliği Nargiza Tojibayeva, adliya, sud, majburiy ijro, içki işlar, FHDYO, mahalla, «Nuroniy» jamğarmasi, Yoşlar işlari agentligi, soğliqni saqlaş, maktabgaça va maktab taʼlimi tizimlari vakillari, oliy taʼlim muassasalari hamda tuman va şahar Oila va xotin-qizlar bölimlari rahbarlari iştirok etişdi.
Yiğiliş kun tartibidan oilaviy ajrimlarning oldini oliş borasidagi mavjud holat, muammolar va ularning yeçimlari örin oldi. Xususan, davlatimiz rahbarining Andijon viloyatiga taşrifi davomida oilaviy ajrimlarni kamaytiriş yuzasidan belgilab berilgan vazifalar hamda uşbu yönalişda şakllangan «Andijon tajribasi»ni Sirdaryo viloyatida tizimli joriy etiş masalalari muhokama qilindi.
Mazkur tajriba asosida mahallalarda taşkil etilgan işçi guruhlar, otinoyilar faoliyati ham muayyan natijalar bermoqda. Jumladan, ular tomonidan viloyat mahallalarida 1 687 ta tarğibot tadbiri ötkazilib, ajrim yoqasiga kelib qolgan 507 ta oila yaraştirilgan.
Biroq bu natijalar sohadagi barça muammolar bartaraf etilganini anglatmaydi. Aksinça, statistik körsatkiçlar profilaktika işlarini yanada kuçaytiriş va mavjud yondaşuvlarni qayta körib çiqiş zarurligini körsatmoqda.
2026-yilning töqqiz oyida viloyatda 1 284 ta oilaviy ajrim qayd etilgan. Bu ötgan yilning mos davriga nisbatan 136 taga yoki qariyb 11,8 foizga köp. Hududlar kesimida esa Guliston şahrida 93 ta, Oqoltin tumanida 23 ta, Sirdaryo tumanida 14 ta, Yangiyer şahrida 10 ta va Xovos tumanida 9 ta ajrimga ösiş kuzatilgan.
Ajrimlarning 927 tasi sud qarorlari asosida, 357 tasi esa FHDYO organlari orqali rasmiylaştirilgan. Yana bir eʼtiborli jihat — ajraşgan oilalarning 346 tasi 30 yoşgaça bölgan yoşlar hissasiga töğri keladi. 401 ta oilada esa nikohning dastlabki beş yilidayoq ajrim qayd etilgan.
Bu raqamlar yoşlarni oilaviy hayotga tayyorlaş, nikohdan keyingi dastlabki yillarda ularni ijtimoiy va psixologik jihatdan qöllab-quvvatlaş tizimini kuçaytiriş zarurligini anglatadi. Çunki oilaviy munosabatlardagi kelişmovçiliklar köpinça bir kunda yuzaga kelmaydi. Özaro tuşuniş, masʼuliyat, sabr-toqat va muloqot madaniyati yetişmasligi vaqt ötişi bilan jiddiy nizolarga sabab bölişi mumkin.
[gallery-32506]
Muhokamalarda ajrimlarga olib kelayotgan omillar ham atrofliça tahlil qilindi. Ular orasida farzandsizlik, uçinçi şaxslarning oilaviy munosabatlarga aralaşuvi, mehnat migratsiyasi, moddiy qiyinçiliklar, xiyonat, oilaviy hayotga tayyorgarlikning yetarli emasligi, tazyiq va zöravonlik holatlari borligi qayd etildi.
Şu bois profilaktika işlarini faqat ajrim haqida ariza berilganidan keyin boşlaş bilan çeklanib bölmaydi. Bu jarayon yoşlik davridan, taʼlim-tarbiya bosqiçidan boşlanişi, nikohga tayyorgarlik va oilaviy hayotning ilk yillarida izçil davom ettirilişi lozim.
Şu nuqtai nazardan, maktabgaça taʼlim taşkilotlari, umumtaʼlim maktablari va oliy taʼlim muassasalarida oila muqaddasligi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ota-onalik masʼuliyati, özaro hurmat va soğlom munosabatlar madaniyatini şakllantirişga qaratilgan tarbiyaviy işlar samaradorligini oşiriş muhimligi taʼkidlandi.
Erta nikoh, erta homiladorlik va yoşlarning oilaviy hayotga ruhiy hamda ijtimoiy jihatdan tayyor emasligi bilan boğliq xavflarning oldini oliş masalalari ham alohida eʼtibor markazida böldi. Bu borada muammolarni çuqur örganiş, ularning sabab va oqibatlarini tahlil qiliş, ilmiy-amaliy asoslangan takliflar işlab çiqiş zarurligi qayd etildi.
Yiğilişda viloyat hokimining örinbosari Nargiza Tojiboyeva oilalarni qöllab-quvvatlaş, ajrimlarning oldini oliş va bu borada barça mutasaddi idoralar hamkorligini kuçaytiriş masalalariga töxtaldi.
Şuningdek, sud organlari vakili Şerzod Ismoilov, FHDYO organlari vakili Gulhayo Rasulova hamda soğliqni saqlaş boşqarmasi vakili Şahlo Xöjayeva öz yönalişlari böyiça fikr-mulohazalarini bildirişdi. Xususan, sud va FHDYO maʼlumotlarini özaro soliştiriş, ajrimlarning haqiqiy sabablarini aniqlaş, erta nikoh va erta homiladorlikning oldini olişda idoralararo hamkorlikni kuçaytiriş zarurligi muhokama qilindi.
Viloyatdagi 76 ta mahallada ajrimlar soni köpaygani ham uşbu hududlarda profilaktika işlarini manzilli taşkil etiş, har bir oilaning ijtimoiy holati va muammolarini alohida örganiş zarurligini körsatmoqda. Bunda umumiy tarğibot tadbirlaridan köra, muayyan oilaning ehtiyojiga mos yondaşuv va amaliy yordam samarali bölişi taʼkidlandi.
Muhokamalar yakunida oilaviy ajrimlar köpayişiga sabab bölayotgan omillarni çuqur tahlil qiliş, «Andijon tajribasi»ni hududlarda samarali tatbiq etiş, masʼul idoralar örtasida tezkor maʼlumot almaşinuvini yölga qöyiş böyiça vazifalar belgilab olindi.
Eng muhimi, har bir taşkilotning vazifasi va masʼuliyatini aniq belgilaş hamda belgilangan çora-tadbirlar ijrosini nazoratga olişga kelişib olindi.
Eng muhimi, mustahkam oila — faqat ikki insonning baxti emas, balki soğlom avlod, barqaror mahalla va farovon jamiyatning ham asosidir. Uni asraş esa muammo yuzaga kelgandan keyin emas, balki uning ilk belgilarini sezgan paytdan boşlanişi kerak.
Ğulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) ÖzA