Şinjonda xalqaro mehmonxona bozori: yangi loyihalar va ösib borayotgan imkoniyatlar
Xitoyning ğarbiy qismida joylaşgan Şinjon-Uyğur avtonom rayonida turizm infratuzilmasi kengayib, xalqaro mehmonxona tarmoqlari faoliyati ham yangi bosqiçga kötarilmoqda. Urumçi, Qaşğar va boşqa sayyohlik hududlarida amalga oşirilayotgan loyihalar mintaqaning xalqaro turizm bozoridagi örni mustahkamlanib borayotganini körsatmoqda.
Bugun dunyoda sayyohlik oqimi ortib borayotgan hududlarda mehmonxona infratuzilmasini rivojlantiriş iqtisodiy taraqqiyotning muhim yönalişlaridan biriga aylangan. Bu jarayonda xalqaro mehmonxona tarmoqlarining iştiroki ham alohida ahamiyat kasb etadi. Çunki bunday loyihalar nafaqat joylaştiriş xizmatlari kölamini kengaytiradi, balki quriliş, savdo, transport va boşqa xizmat körsatiş tarmoqlariga ham turtki beradi.
Şinjonda sönggi yillarda kuzatilayotgan özgarişlar ham şu nuqtai nazardan eʼtiborga molik.
Mintaqaning maʼmuriy markazi Urumçida xalqaro mehmonxona tarmoqlari iştirokida bir neçta yirik loyiha amalga oşirilmoqda. Jumladan, Ritz-Carlton va Westin mehmonxonalarini öz içiga oladigan majmua qurilişi jadal davom etmoqda. 2026-yil 1-iyul kuni uning 196 metr balandlikdagi asosiy minorasi konstruksiyasining markaziy qismi qurib bitkazildi. Majmuada Aloft mehmonxonasi hamda savdo va xizmat körsatiş obʼektlari joylaştirilişi rejalaştirilgan. Loyihaning töliq yakunlanişi Urumçining işbilarmonlik va sayyohlik infratuzilmasini kengaytirişga xizmat qilişi kutilmoqda.
Şaharda Conrad va Hilton mehmonxonalari ham faoliyat yuritmoqda. Bu esa xalqaro mehmonxona tarmoqlarining mintaqaga qiziqişi birgina yangi quriliş loyihalari bilan çeklanmayotganini körsatadi.

Şinjonning janubidagi Qaşğar şahrida ham yirik mehmonxona majmuasi barpo etilmoqda. InterContinental brendi iştirokidagi uşbu loyihaga taxminan 3 milliard yuan investitsiya kiritiş belgilangan. Unda qariyb 890 ta mehmonxona xonasi, ovqatlaniş, anjumanlar ötkaziş va dam oliş uçun zarur infratuzilma taşkil etilişi rejalaştirilgan. Majmua qadimiy Qaşğar şahri va uning tarixiy maskanlariga yaqin hududda joylaşgan.
Şimoldagi Hemu qişloğida esa Conrad va Hilton mehmonxonalari 2025-yilda iş boşlagan. Qorli toğlari, tabiiy manzaralari va qişki turizm imkoniyatlari bilan tanilgan bu hududda xalqaro mehmonxona xizmatlariga talab ortib bormoqda.
Şuningdek, Kuça şahrida Hilton mehmonxonasini barpo etiş loyihasi amalga oşirilmoqda. Qiymati 800 million yuan bölgan uşbu majmua qurilişi yakunlangaç, hududdagi sayyohlarni qabul qiliş imkoniyatlarini kengaytiriş va yangi iş örinlari yaratişga xizmat qilişi kutilmoqda.
Mehmonxona infratuzilmasidagi bu özgarişlar, avvalo, Şinjonda sayyohlar oqimi sezilarli darajada köpaygani bilan boğliq. Rasmiy maʼlumotlarga köra, 2025-yilda mintaqaga 323 million marta sayyohlik taşrifi qayd etilgan. Turizmdan tuşgan umumiy daromad esa 370 milliard yuanga yetgan. Har ikki körsatkiç avvalgi yilga nisbatan ösib, tarixiy rekordni yangilagan.
Şu örinda bir jihatga eʼtibor qaratiş lozim: sayyohlar oqimining köpayişi mehmonxona xizmatlariga bölgan talabni ham oşiradi. Bu esa nafaqat yirik şaharlar, balki tabiiy va tarixiy maskanlarga yaqin hududlarda ham zamonaviy joylaştiriş obʼektlariga ehtiyojni kuçaytiradi.
Şinjonning iqtisodiy jozibadorligini belgilaydigan yana bir omil – uning geografik örni. Mintaqa Xitoyni Markaziy Osiyo va Yevropa bilan boğlaydigan muhim quruqlik transport yölaklaridan biri hisoblanadi. Xitoy – Yevropa xalqaro yuk poyezdlari harakatidagi iştiroki, çegaraoldi savdo aloqalari va transport infratuzilmasining rivojlanişi uning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Xorijiy sarmoya iştirokidagi korxonalar soni ham ortib bormoqda. 2025-yilda Şinjonda xorijiy kapital iştirokida taşkil etilgan yangi korxonalar soni 21,97 foizga köpaygan. Xorijiy investitsiyalardan amalda foydalaniş hajmi esa 9,8 foizga ösgan. Bu körsatkiçlar mintaqa iqtisodiyotiga taşqi sarmoya jalb etiş jarayonida ham ijobiy özgarişlar kuzatilayotganini anglatadi.

Albatta, mehmonxona qurilişi yoki xalqaro brendlarning muayyan hududda faoliyat boşlaşi öz-özidan investitsiya samaradorligini anglatmaydi. Bunday loyihalarning natijasi sayyohlar oqimi, mehmonxonalar bandligi, xizmatlar sifati, yaratilgan iş örinlari va sarmoyaning iqtisodiy qaytimi bilan baholanadi. Şu bois Şinjondagi jarayonlarning keyingi bosqiçi ham ana şu körsatkiçlar orqali namoyon böladi.
Ayni paytda mintaqaga xalqaro kompaniyalarning kirib kelişi faqat mehmonxona biznesida kuzatilayotgani yöq. Masalan, 2026-yil 29-sentabr kuni Starbucks kompaniyasi Urumçidagi Xalqaro bozor hududida Xitoydagi ilk nomoddiy madaniy merosga bağişlangan “Flagman” dökonini, şuningdek, Tyanşan xalqaro aeroportida yana bir savdo nuqtasini oçdi. Bu holat ham mahalliy isteʼmol bozori va sayyohlik muhitidagi özgarişlarga taşqi biznesning qiziqişi ortib borayotganini körsatuvçi misollardan biridir.
Umuman, Şinjonda xalqaro mehmonxona tarmoqlari iştirokidagi loyihalarning köpayişi turizm infratuzilmasini rivojlantiriş, hududlarning iqtisodiy imkoniyatlaridan samarali foydalaniş va xizmat körsatiş sohasini kengaytiriş jarayonining bir qismi sifatida namoyon bölmoqda. Bu jarayonning qay darajada samara berişi esa yangi loyihalarning işga tuşişi, ularning iqtisodiy natijalari va mahalliy aholi uçun yaratadigan imkoniyatlari bilan belgilanadi.
Nilufar Bozorova, ÖzA