SHHTning Bishkek sammiti: O‘zbekiston qanday yechimlarni taklif etmoqda?
Kuni kecha Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining yubiley yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zA sammit doirasida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafoyevning fikrlari bilan qiziqdi.
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etgan Bishkek sammiti yakunlari xorijiy OAV va ekspertlar hamjamiyatida keng muhokama qilinmoqda. SHHT O‘zbekiston tashqi siyosatida qanday o‘rin tutadi va nima uchun Toshkent bu maydonga alohida e’tibor qaratadi?
– O‘zbekiston uchun SHHT vaziyatga qarab foydalaniladigan diplomatik format emas, balki tashqi siyosatning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. 2001-yilda O‘zbekiston Tashkilotning ta’sischi davlatlari qatoriga kirgan. Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining Ijroiya qo‘mitasi aynan mamlakatimiz hududida joylashgan, Markaziy Osiyo esa SHHTning geografik va strategik asosi sifatida rasman tan olingan.
Ushbu platforma orqali Toshkent bir vaqtning o‘zida o‘zaro bog‘liq uchta vazifani hal qilmoqda. Bular – mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, qit’aning iqtisodiy bog‘liqligini kengaytirish hamda ochiq, bloklarga qo‘shilmaslik va ko‘p vektorli siyosat yuritish.
O‘zbekistonning bu boradagi sodiqligi nafaqat siyosiy bayonotlarda, balki amaliy tashabbuslarni izchil ilgari surishda ham namoyon bo‘lmoqda. 2018-yilda davlatimiz rahbarining taklifi bilan SHHT yetakchilarining yoshlarga Qo‘shma murojaati qabul qilindi, 2022-yilda Samarqandda O‘zbekiston transport o‘zaro bog‘liqligi, oziq-ovqat xavfsizligi va Afg‘onistonni tiklash masalalarini ko‘tardi, 2023-yilda esa Yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksini taklif qildi. 2024–2025-yillarda mamlakatimiz SHHT birligini mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surib, Yagona transport makoni konsepsiyasini taqdim etdi.
Bu yilgi takliflar bu yo‘nalishlarning davomi bo‘lib, Toshkent “Shanxay ruhi”ning umumiy tamoyillarini hamkorlikning amaliy mexanizmlariga izchil o‘tkazmoqda.
– Siz O‘zbekiston siyosiy bayonotlar bilan cheklanib qolmay, SHHT doirasida muntazam ravishda amaliy tashabbuslarni ilgari surayotganini ta’kidladingiz. Bishkek sammiti ham bundan mustasno bo‘lmadi. Prezident “SHHT–2040” konseptual qarashni ishlab chiqishni taklif qildi. Tashkilotning 2035-yilgacha mo‘ljallangan Rivojlanish strategiyasi mavjud ekan, bunday uzoq muddatli hujjat nima uchun kerak?
– 2035-yilgacha mo‘ljallangan Strategiya, eng avvalo, Tashkilot o‘rta muddatli istiqbolda nima qilishi kerak, degan savolga javob beradi. “SHHT–2040: umumiy taraqqiyot makoni” konsepsiyasi esa yanada fundamental savolga javob berishga, ya’ni ushbu strategiya amalga oshirilgach, SHHT qanday bo‘lishi kerakligini belgilab berishga qaratilgan. Bu yerda gap tarmoq dasturlar majmuidan investitsiyalar, texnologiyalar va bilimlar harakati, qo‘shma ishlab chiqarishlar hamda hududlar va biznesning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalari mavjud bo‘lgan o‘zaro bog‘liq makonning umumiy modeliga o‘tish haqida ketmoqda.
SHHT mamlakatlari hissasiga jahon aholisining qariyb 42 foizi va xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha jahon yalpi ichki mahsulotining taxminan 36 foizi to‘g‘ri keladi, biroq ularning o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, atigi 1 trln dollarga yaqinlashgan. Bu ko‘rsatkichlarni taqqoslar ekanmiz, asosiy tafovutni ko‘rishimiz mumkin. Ya’ni SHHTning siyosiy-demografik salmog‘i hozircha ichki iqtisodiy hamkorlik ko‘lamidan sezilarli darajada kattaroq.
– O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Bishkek sammitida ilgari surilgan eng muhim amaliy tashabbuslardan biri SHHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasini yaratish bo‘ldi. Ushbu mexanizm Tashkilotning ulkan geografik va iqtisodiy ko‘lamini qanday qilib real transchegaraviy ishlab chiqarish zanjirlariga aylantirishi mumkin?
– Bugungi kundagi asosiy muammo qo‘shma loyihalarning kamligida emas, balki ma’lumotlarning tarqoqligi va tartibga solish shart-sharoitlaridagi farqlardadir. Birgina O‘zbekistonning o‘zida SHHT mamlakatlari bilan 1,5 mingdan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda. Shunga qaramay, biznes uchun o‘nta davlatning barchasidagi mavjud sanoat maydonlari, xomashyo bazasi, qo‘llab-quvvatlash choralari, logistika imkoniyatlari va sotuv bozorlari to‘g‘risidagi tizimlashtirilgan ma’lumotlarni bir joydan olish hanuz ayrim qiyinchiliklarni tug‘diradi. Shu nuqtai nazardan, SHHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasi hamkorlarni topishni osonlashtirish hamda qo‘shma loyihalarni tayyorlash va kelishishdagi tranzaksiya xarajatlarini kamaytirish imkonini beradigan yagona raqamli vositaga aylanishi mumkin.
Amaliy samara platformaning mazmuniga bog‘liq bo‘ladi. Agar u maxsus iqtisodiy zonalar, foydalanilmayotgan quvvatlar, mahalliylashtirish talablari, transport tariflari va investitsiyaviy imtiyozlarning tasdiqlangan reyestrini o‘z ichiga olsa, biznes xomashyo va tayyor mahsulotlar savdosi bilangina cheklanib qolmay, transchegaraviy qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yarata oladi. Bu, ayniqsa, o‘nta yurisdiksiyani mustaqil o‘rganish uchun yirik korporatsiyalar kabi resurslarga ega bo‘lmagan kichik va o‘rta biznes uchun muhimdir.
– Bishkek sammitining iqtisodiy mavzusini davom ettiradigan bo‘lsak, davlatimiz rahbari umumiy tamoyillarni muhokama qilishdan SHHT Taraqqiyot bankini amalda ishga tushirishga o‘tishga chaqirdi. Tashkilotga o‘zining moliyaviy instituti nimaga kerak va uning yana bir byurokratik tuzilmaga aylanib qolishining oldini olish uchun nimalar qilish lozim?
– SHHTda transport, energetika va raqamli sohalarga oid g‘oyalar ko‘p, biroq ularni moliyalashtiriladigan loyihalarning tayyor portfeliga aylantiradigan o‘z mexanizmi yo‘q. Banklararo birlashma banklar faoliyatini muvofiqlashtiradi, lekin yagona ekspertiza, birgalikda moliyalashtirish va nazorat mezonlariga ega bo‘lgan taraqqiyot institutining o‘rnini bosa olmaydi. Bank, birinchi navbatda, foyda va xatarlari bir nechta davlat o‘rtasida taqsimlanadigan ko‘p tomonlama loyihalar uchun aynan shu institutsional bo‘shliqni to‘ldirishi mumkin.
O‘zbekiston taklifining prinsipial jihati shundaki, bankning ishga tushirilishi apparat yaratish bilan emas, balki transport, energetika, sanoat va raqamli infratuzilma sohalaridagi loyihalar portfelini shakllantirish bilan bog‘lanadi. Bunda avval loyihalar, ularning qiymati, kutilayotgan samara va mablag‘larni qaytarish manbalari, shundan keyingina bankning kapitali va tuzilmasi belgilanadi. Ishonchlilikni ta’minlash uchun shaffof xarid siyosati, mustaqil ekspertiza, qarzga oid barqarorlikni baholash va turli valyutalarda moliyalashtirish imkoniyati zarur.
– O‘zbekiston Prezidentining Bishkekdagi nutqining alohida qismi sun’iy intellektga bag‘ishlandi. Nega Toshkent yagona til modelini emas, balki SHHTning ochiq ko‘p tilli ma’lumotlar korpusini yaratishni taklif qildi va u Tashkilotga a’zo davlatlar uchun qanday amaliy ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin?
– Zamonaviy sun’iy intellekt nafaqat hisoblash quvvatlariga, balki sifatli ma’lumotlarga ham bog‘liq. SHHT makonidagi aksariyat tillar global raqamli ma’lumotlar to‘plamlarida ingliz va xitoy tillariga qaraganda ancha kamroq hajmda aks etgan. Natijada tizimlar mahalliy huquqiy, ilmiy va madaniy leksikani yomonroq tushunadi, davlatlar va kompaniyalar esa boshqa tildagi materiallar asosida o‘rgatilgan mahsulotlardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.
Ochiq korpus umumiy bazaviy infratuzilmaga aylanishi mumkin. A’zo davlatlar tillaridagi standartlashtirilgan matnlar, nutq va tarjimalar mashina tarjimasi, ta’lim, tibbiyot, davlat xizmatlari va elektron tijorat servislarini yaratish imkonini beradi. Bu SHHTning yagona modelini yaratishdan ko‘ra realroq birinchi qadamdir – har bir mamlakat huquqiy talablarga rioya etgan holda shakllantirilgan o‘zaro mos ma’lumotlar to‘plami asosida o‘z yechimlarini ishlab chiqishi mumkin bo‘ladi.
Bunda asosiy shartlar shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, mualliflik huquqlariga rioya etish, sifatni tekshirish va tillarning teng huquqli namoyon bo‘lishini ta’minlash bo‘ladi.
– Bishkek sammitida transport o‘zaro bog‘liqligiga katta e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Prezidenti SHHTga a’zo davlatlarning temir yo‘l makonlari integratsiyasi bo‘yicha kengash tuzishni taklif etdi. Ushbu Kengash qanday amaliy muammolarni hal qilishi kerak va uning tashkil etilishi O‘zbekiston va umuman Yevroosiyo tranziti uchun qanday foyda keltiradi?
– Uzluksiz yo‘lakni yaratish uchun yangi temir yo‘llarining o‘zi kifoya emas. Chegaralarda texnik standartlar, tariflar, elektron hujjatlar formatlari, harakat jadvallari va nazorat tartib-taomillaridagi farqlar saqlanib qolmoqda. Kengash aynan mana shu “tutashuv nuqtalari”ni doimiy muvofiqlashtirib turadigan mexanizm sifatida kerak. Dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston uchun bir nechta davlat orqali o‘tadigan tranzitning oldindan bashorat qilinishi yo‘nalish uzunligi kabi muhim ahamiyatga ega.
Uning amaliy kun tartibi o‘zaro bog‘lovchi tariflar va jadvallar, elektron yuk xatlarini o‘zaro tan olish, chegara o‘tkazish punktlari faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yil, yuklarni raqamli kuzatib borish hamda investitsiyalarni muvofiqlashtirish kabi masalalarni qamrab olishi mumkin. Bu Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘lini Kaspiy orqali o‘tuvchi yo‘nalishlar, “Shimol–Janub” yo‘lagi va Janubiy Osiyoga olib boruvchi istiqbolli yo‘nalishlar bilan bog‘lash imkonini beradi.
– Bishkek sammiti kun tartibidan Afg‘onistondagi vaziyat ham muhim o‘rin oldi. O‘zbekiston Prezidenti SHHTni ushbu mamlakat bilan muntazam muloqotni qayta tiklashga chaqirdi. Bunday muloqot nega aynan hozir zarur va uning tiklanishi tuzilma jarayonlarida qanday rol o‘ynashi mumkin?
– Taklif pragmatik xususiyatga ega: muloqotning yo‘qligi tahdidlarni bartaraf etmay, aksincha, qo‘shnilarning ularni boshqarish qobiliyatini pasaytiradi. Afg‘oniston SHHT makoni bilan bevosita tutashgan, mamlakatdagi vaziyat esa terrorizm, narkotrafik, noqonuniy qurol savdosi, migratsiya va suv masalalari bilan bog‘liq xatarlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi. Mamlakatning yakkalanib qolishi iqtisodiy inqirozni yanada chuqurlashtirishi, radikallashuvning ijtimoiy bazasini kengaytirishi va yashirin iqtisodiyotni mustahkamlashi mumkin. Shu bilan birga, muntazam aloqalar hozirgi hukumatni avtomatik tarzda tan olishni anglatmaydi: bu shartlarni belgilash, ularning bajarilishini tekshirish va aniq xavfsizlik masalalarini hal qilish uchun vositadir.
Uzoq muddatli istiqbolda Afg‘oniston atrofida xavfsizlikni mustahkamlashning eng yaxshi yo‘li mamlakatning o‘zida qonuniy daromad manbalari, ish o‘rinlari va qo‘shnilar bilan barqaror iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni yaratishdir.
2025-yilga kelib Afg‘onistonning tashqi savdosi 13,9 milliard dollarga yaqinlashdi. Pokiston yo‘nalishidagi uzilishlar tufayli yuk oqimlarining bir qismi Eron, O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston orqali o‘tadigan yo‘nalishlarga qayta yo‘naltirildi. Agar bu aloqalar qonuniy savdo, energetika, transport va infratuzilmaga yo‘naltirilsa, iqtisodiy bog‘liqlik ekstremizm va kontrabanda uchun imkoniyatlarni kamaytiradi.
– Bishkek sammiti tashabbuslari xususida so‘z yuritar ekanmiz, O‘zbekiston Prezidentining 2028–2030-yillarda an’anaviy san’at va nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash dasturi to‘g‘risidagi taklifini qayd etmaslikning iloji yo‘q. Nima uchun SHHTga bu sohada alohida dastur kerak va u qanday amaliy natija berishi mumkin?
– SHHT turli siyosiy tizimlar va manfaatlarga ega davlatlarni birlashtirgani bois uning barqarorligi faqat hukumatlararo hujjatlarga tayanib qolmasligi kerak. An’anaviy san’at, hunarmandchilik, musiqa, og‘zaki ijod va bayramlar jamiyatlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni vujudga keltiradi hamda o‘zlikni yo‘qotmagan holda barcha tan oladigan umumiy madaniy makonni shakllantiradi.
Amalda dastur qo‘shma reyestrlar va raqamli arxivlar, restavratsiya va tadqiqot loyihalari, festivallar, hunarmandlar almashinuvi dasturlari, yoshlar ta’limi va sayyohlik yo‘nalishlarini nazarda tutishi mumkin. O‘zbekiston uchun bu bir vaqtning o‘zida ham madaniy diplomatiya, ham hududlar iqtisodiyotidir: an’anaviy hunarmandchilik bandlikni, kichik biznesni va madaniy turizmni qo‘llab-quvvatlaydi.
– Sammit doirasida O‘zbekiston Prezidenti adolatli ko‘p qutbli dunyo tartibini shakllantirishda BMTning o‘rniga bag‘ishlangan “SHHT plyus” formatidagi uchrashuvda ham ishtirok etdi. O‘zbekiston taklif qilgan BMT, mintaqaviy tashkilotlar va alohida davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik modeli yangi ajratuvchi chiziqlar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasdan xalqaro hamkorlik samaradorligini qanday oshirishi mumkin va bu jarayonda “SHHT plyus” formati qanday amaliy rol o‘ynay oladi?
– Davlatimiz rahbari nutqining asosiy mazmuni shundan iboratki, ko‘p qutbli dunyoning shakllanishi universal xalqaro institutlarning zaiflashishiga yoki raqobatchi geosiyosiy bloklarning paydo bo‘lishiga olib kelmasligi kerak. BMT markaziy muvofiqlashtiruvchi maqomini saqlab qolishi va xalqaro hamkorlikning umumiy tamoyillarini ta’minlashi lozim. Mintaqaviy tashkilotlar esa global yechimlarni muayyan hududlarning o‘ziga xos sharoitlari, imkoniyatlari va ehtiyojlariga moslashtirish orqali uning faoliyatini to‘ldirishga xizmat qiladi.
Aynan shu mantiqqa ko‘ra, “SHHT plyus” formatini davlatlar, mintaqaviy birlashmalar va global institutlar o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida rivojlantirish taklif etilmoqda. U barqaror rivojlanish, yuqori texnologiyalar, iqlim o‘zgarishlariga moslashish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash sohalaridagi turli tashabbuslarni muvofiqlashtirish uchun maydonga aylanishi mumkin. O‘zbekiston Prezidenti taklif etgan Mintaqaviy tashkilotlar hamkorlik tarmog‘i bunday hamkorlikni tizimlashtirishga, tajriba almashishga va BMT doirasida yechimlarni birgalikda ilgari surishga imkon beradi. O‘z navbatida, Mintaqalararo loyihalar va texnologiyalarning ochiq banki siyosiy kelishuvlarni Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga ko‘maklashadigan aniq dasturlarga aylantirishi kerak.
Shu bilan birga, O‘zbekiston xalqaro hamkorlik samaradorligini davlatlar, biznes va fuqarolar sezishi lozim bo‘lgan natijalar bilan bog‘laydi: bular bozorlarga chiqish imkoniyatini kengaytirish, transchegaraviy yo‘laklarni ishga tushirish, investitsiyalarni jalb qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishdir. “SHHT Invest”ni doimiy faoliyat yurituvchi platformaga aylantirish taklifi ayni shu vazifaga mos keladi.
Bundan tashqari, Xivada “SHHT plyus” Madaniyatlar va sivilizatsiyalar forumining ta’sis etilishi hamkorlikni ijtimoiy va gumanitar mazmun bilan boyitishga qaratilgan. Shu tariqa, Toshkent ochiq ko‘p qutblilik modelini taklif etmoqda. Unga ko‘ra, davlatlarning strategik mustaqilligi ajralib olish orqali emas, balki o‘zaro bog‘liqlik, tashabbuslarning bir-birini to‘ldirishi hamda mamlakatlar va mintaqalar o‘rtasidagi aloqa nuqtalarini kengaytirish orqali mustahkamlanadi.
O‘zA