Qovun sayli bir bahona, maqsad do‘stlikni mustahkamlashdir
Ikki davlat rahbarlarining samimiy uchrashuvi xalqlar do‘stligi, bordi -keldini mustahkamladi. Belarus poytaxti Minskning ulkan maydoni 30-avgust – 1-sentabr kunlari shaharliklar bilan gavjum bo‘ldi. So‘nggi kun esa navbat yuz metrlarga cho‘zildi.
– Spasibo za organizatsiyu yarmarki i prazdnika!
Bu yerga kelganlarning har biri shunday minnatdorlik so‘zlarini aytar edilar.
Ha, O‘zbekistonning Belarus Respublikasidagi elchixonasi tashabbusi bilan Minskda “O‘zbekiston qovun festivali” uyushtirildi. Bu yerga Jizzax viloyatidan sarxil, mazasi tilni yoradigan haqiqiy cho‘l qovunlari keltirildi. Bir necha joylarda qovun sayli – uni bepul tatib ko‘rish tashkil etildi.
– O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Minsk ma’muriyati hamkorligida qovun festivalini o‘tkazdik, – deydi O‘zbekistonning Belarus Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Nuriddin Mamajonov. – Mahalliy aholi biznes vakillari bu tadbirdan xursand bo‘ldilar va aslida ijtimoiy aksiya iqtisodiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qildi.
“O‘zbekiston qovun festivali”ning uch kunida 50 mingdan ziyod aholi uning faoliyati bilan tanishdi, qovun tatib ko‘rdi va sotib oldi.

– Bundan tashqari, biz Farg‘onacha osh qilib tarqatdik, Samarqand nonlari ham keltirilgan edi, uni bir kundayoq sevib olib ketdilar, – deydi elchi.
Festivalga Minsk shahri ijroiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Komendant boshliq mulozimlar tashrif buyurdilar.
– O‘zbekiston biz uchun yirik savdo hamkori. Shavkat Mirziyoyevning tashrifidan so‘ng esa keskin sakrash ro‘y berdi. Biz ishlab chiqarish kompaniyasi, idoralar, savdo tashkilotlari delegatsiyalarini O‘zbekistonga yuboryapmiz. Ular bizga kelyapti. Eng muhimi, samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, – deydi Aleksandr Komendant. – Qovun festivali Belarusda birinchi bor o‘tkazilishi. Va u juda quvonchli voqea bo‘ldi biz uchun.
– Paxta tolasi, mis mahsulotlarini sotib olamiz O‘zbekistondan, – deydi Belarus universal tovar birjasi boshqarma boshlig‘i Aleksandr Bashliy. – Bugun uzum, quritilgan mevalar bizning birja orqali ham sotilyapti. Qovun festivali bahonasida o‘zbek dehqoni, tadbirkorlari bilan hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqdik.

Ilgari elchixonalar faqat siyosat bilan shug‘ullanar edi. Holbuki, ular Belarusdagi kabi xalqlarni yanada jipslashtirishga hissa qo‘shadigan amaliy tadbirlar ham o‘tkazsa bo‘lar ekan.
<iframe width="1493" height="840" src="https://www.youtube.com/embed/Onp0PFIyelM" title="Qovun sayli – bahona, natija mustahkam do‘stlik" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video,surat),
O‘zA