Shaxmatchilar Samarqandning tarixiy obidalari bilan tanishdi
FOTOREPORTAJ
Samarqandda o‘tkazilayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi ishtirokchilari uchun dam olish kuni ham mazmunli tashkil etildi. Olimpiada dasturiga muvofiq, mehmonlar va shaxmatchilar uchun Samarqandning tarixiy-madaniy obidalariga sayohatlar uyushtirildi.
Jumladan, shaxmatchilar Imom Buxoriy majmuasida bo‘lib, buyuk muhaddisning hayoti va ilmiy merosi, islom olamida beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan asarlari bilan yaqindan tanishdi.
Mehmonlarga majmuaning tarixi, me’moriy o‘ziga xosligi, bu yerda amalga oshirilgan keng ko‘lamli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari haqida ma’lumot berildi.
Samarqandning boy tarixi va betakror me’moriy muhiti xorijlik mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Sayohat davomida ishtirokchilar tarixiy obidalarni tomosha qilish barobarida, yurtimizning madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
[gallery-31572]
Shu tariqa, sport musobaqasidagi shiddatli bahslar oralig‘ida tashkil etilgan madaniy dastur olimpiada ishtirokchilari uchun mazmunli hordiq va yangi taassurotlar manbaiga aylandi.
Bugun, 23-sentabr kuni 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi doirasida yettinchi tur bahslari o‘tkaziladi.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA